Kasb-hunarga o‘qitilgan fuqarolarning 725 nafari o‘z-o‘zini band qilgan

23.11.2023, 18:08

Kasb-hunarga o‘qitilgan fuqarolarning 725 nafari o‘z-o‘zini band qilgan

“O’zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda, joylarda mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari va hamkor tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruh a’zolari bu borada tizimli ishlarni amalga oshirmoqdalar.

O’zLiDeP Sharof Rashidov tuman Kengashi qoshida tuzilgan ishchi guruh a’zolari va deputatlar tomonidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi vakilining “Fuqarolarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, ularning zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha kasbiy ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar” yuzasidan hisoboti eshitildi.

Mutasaddi o‘z hisobotida ta’kidlab o‘tganidek, joriy yilda o‘tgan vaqt davomida  tumanda jami 1102 nafar  fuqarolar kasb-hunarga o‘qitishga jalb qilingan bo‘lib,  ularning 649 nafarini yoshlar tashkil etgan. Kasb-hunarga o‘qishga jalb qilinganlarning asosiy qismi, ya’ni 825 nafari xotin-qizlardan iborat.

Tumandagi “Ayollar”, “Yoshlar” va “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarni kasb – hunarga o‘qitishga jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungacha o‘qib kasb-hunar egallagan bu toifadagi fuqarolar soni – 237 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, 54 nafar nogironligi bor shaxslar ham o‘z istaklariga ko‘ra kasb-hunar sirlarini egallashlari uchun o‘quv kurslariga jalb qilingan.

E’tiborli tomoni, hisobot davriga qadar kasb-hunarga o‘qitishga jalb qilingan fuqarolardan 725 nafarining o‘z-o‘zini band qilish, oilaviy hamda xususiy tadbirkorlik va boshqa yo‘nalishlarda bandligi ta’minlangan.

Mutasaddining axborotini tanqidiy tahlil qilgan ishchi guruh a’zolari, bu borada tumanda mavjud imkoniyatlar, ulardan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yish borasida o‘z fikr va mulohazalarini, takliflarini bildirib o‘tdilar. Shuningdek, yig‘ilishda kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.

Yig‘ilishdan so‘ng ishchi guruh a’zolari tumandagi 2-sonli kasb-hunar maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur kasb-hunar maktabi 720 o‘ringa mo‘ljallangan. 50 o‘rinli yotoqxona, sport zal, 50 o‘rinli oshxona, 100 o‘rinli faollar zali, o‘quv ishlab chiqarish ustaxonasi va bir qator kasb-hunar to‘garaklari o‘quvchilar ixtiyorida.

Bu yerda 9 ta kasb bo‘yicha tahsil olayotgan 646 nafar o‘quvchiga 100 nafardan oshiq pedagog va murabbiylar ta’lim tarbiya berish bilan birga, elektromontyor, traktorchi-mashinist, payvandlovchi, yigiruv ishlab chiqarish operatori va shu kabi mehnat bozorida talab katta bo‘lgan kasb-hunar sirlarini o‘rgatib kelmoqdalar.

Ishchi guruh a’zolari kasb-hunar maktabida yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim jarayoni bilan tanishar ekanlar, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan ham yaqindan muloqotda bo‘ldilar. Ularni qiziqtirgan ko‘plab savollarga atroflicha javob qaytardilar.

G’anisher Avalboyev,

O’zLiDeP Sh.Rashidov tuman Kengashi apparat rahbari

  • Ko'rildi
    97
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+