Kosonda tadbirkor ayollar ko‘paymoqda

27.12.2023, 11:23

Kosonda tadbirkor ayollar ko‘paymoqda

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi “Ayollar qanoti” vakillari tadbirkor Gulshan Boborajabovaning oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. U yerda Arabxona va Yuqori Arabxona mahallalarida istiqomat qilayotgan ishsiz xotin-qizlar uchun amaliyot saboqlari tashkil etildi. Deputatlar, partiya faollari va xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda Gulshan Boborajabova tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishda chekkan zahmatlari, bugungi kundagi yutuqlari haqida so‘zlab berdi.   

- Asosiy maqsadimiz yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish orqali bandligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirish, jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashdir,-deydi O’zLiDeP faoli Gulshan Boborajabova – Dasturiy maqsadlari ishbilarmonlik faoliyatimga hamohang bo‘lgani bois birinchilardan bo‘lib partiya a’zosi bo‘lganman.   Partiyamizning loyihalarini amaliyotga tatbiq etish borasida ishlab kelayapman. Mana yetti yildirki, mamlakatimizda xotin-qizlar bandligi ta’minlash, ma’naviyatni yuksaltirish borasida bir qator ulug‘vor ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, opa-singillarimizni ijtimoiy, psixologik, huquqiy jihatdan qo‘llab -quvvatlash barobarida ularga kasb-hunar o‘rgatish borasida O’zLiDeP tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar yaqindan yordam berayotganligini mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim. Biz deputatlarimiz va partiya faollari bilan hamkorlikda mahallalarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarning bandligi va turmush sharoiti bilan yaqindan tanishayapmiz. Ish topolmay, moddiy tomondan qiynalib uyida o‘tirgan xotin-qizlarni imtiyozli tarzda kasb-hunar o‘rganishi uchun sharoit yaratib berayapmiz. Bugungi tanlovda ishtirokim  jamiyatimizning faol a’zosi sifatida meni yanada yuksaltirdi, bilim va tajribamni oshirishda mahorat maktabi vazifasini o‘tadi. Buning uchun partiya rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

 Tuman kengashi faollari va deputatlar ishtirok etgan tadbirda partiyaning yoshlar bandligini oshirishga qaratilgan loyihalari haqida batafsil ma’lumot berilib, xotin-qizlar bandligini ta’minlashda imtiyozli kreditlar ajratish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bino qurish uchun yer uchastkasi ajratilishiga yaqindan yordam berish kabi taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlanib, yosh tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar o‘rganilib, maqbul yechimlarini topish, faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, taniqli ishbilarmonlarga biriktirib qo‘yish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi. 

   Kosonlik ishbilarmon ayol Gulshan Boborajabova o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yganiga rosa bir yil to‘ldi. Qisqa fursatda yangi tikuv mashinalari xarid qilib, erkaklar, ayollar va bolalar kiyim-kechaklarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, yigirmaga yaqin mahalladoshini ish bilan ta’minladi. Bugun u tayyorlayotgan sifatli va bejirim kiyim-kechak mahsulotlari nafaqat voha, balki respublika bozorlarida ham xaridorligi bilan ajralib turadi. U Yuqori Arabxona hamda Arabxona mahallalaridagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida o‘z faoliyatini kengaytirib, milliy shirinliklar, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexlarini ishga tushirish niyatida ekanligini bildirdi.

 O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

Matbuot xizmati.

 

 

 

  • Ko'rildi
    58
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+