Son emas, sifat muhim

13.03.2024, 22:51

Son emas, sifat muhim

Jamoatchilik fikrining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatish hamda partiya faoliyati haqida axborot yetkazish ishlarini tashkillashtirishda, bu borada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolar bilan bevosita hamkorlik qilishda, qolaversa, deputatlarga joylardagi muammolarni partiyaviy vositalar bilan hal qilishda yaqindan ko‘mak berishda Boshlang‘ich partiya tashkilotlarining o‘rni kattadir.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda partiya safiga kirish istagida bo‘lgan hamyurtlarimizning soni oshib bormoqda. Misol uchun, ayni paytda  O`zLiDeP Jizzax viloyat hududiy partiya tashkiloti tarkibida o‘z saflariga 102 840 nafar  maslakdoshlarimizni birlashtirgan 1016 ta quyi bo‘g‘in faoliyat olib bormoqda.  Keyingi bir yilda quyi bo‘g‘inlar soni 71 taga, faollar soni esa 2574 nafarga oshdi.

Biroq, partiyaning tayanch nuqtasi hisoblanmish BPTlar faoliyatga baho berar ekanmiz, son emas sifat muhimligi ayon bo‘ladi. Ayni kunlarda  quyi bo‘g‘inlarda bo‘lib o‘tayotgan hisobot-saylov yig‘ilishlarida ham shu sabab, o‘tgan hisobot davridagi faoliyatni tanqidiy-tahliliy  baholash va kelgusi ish rejalarini belgilab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Misol uchun, Zomin tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik jamoat salomatligi bo‘limi qoshida faoliyat olib borayotgan boshlang‘ich partiya tashkiloti o‘z saflariga 25 nafar a’zolarni birlashtirgan. Quyi bo‘g‘inga tajribali maslakdoshlarimizdan biri Gulnoza Ergasheva yetakchilik qilmoqda.

Quyi bo‘g‘in faoliyatining samaradorligida xalq deputatlari Zomin tuman Kengashi deputati Behzod Shukurov bilan uzviy hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani juda qo‘l kelmoqda. Deputatlik so‘rovlari orqali joylardagi bir qator muammolarning hal etilishida shu sabab ham quyi bo‘g‘in a’zolarining munosib hissalari bor.

Shuningdek, maslakdoshlarimiz o‘tgan yili mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishdi. “Yashil makon” umumxalq loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish ishlarida, hududdagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatishda BPT a’zolarining faolligi yaqqol ko‘zga tashlandi.

Maslakdoshlarimiz nafaqat tadbirkorlikni keng rivojlantirishni targ‘ib qilibgina qolmay, hududdagi 12 nafar aholining bandligini ta’minlashga ham hissa qo‘shishdi.

Bo‘lib o‘tgan hisobot-saylov yig‘ilishida amalga oshirilgan ishlar bilan birga, kelgusidagi faoliyatni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga ham alohida urg‘u berildi. Shu sabab, yetakchining hisoboti qoniqarli deb topilib, uning o‘zi yana raislikka saylandi.

Dilshod Tursunboyev,

O`zLiDeP Jizzax viloyati kengashi bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    52
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+