Qishloq ho‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi

16.03.2024, 14:42

Qishloq ho‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda O’zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni ko‘llab-quvvatlash markazi bilan hamkorlikda “O’zbekistonda qishloq ho‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va istiqbolli omillari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Qishloq xo‘jaligi, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Savdo-sanoat palatasi, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, “O’zagrosug‘urta” AJ va boshqa sug‘urta tashkilotlari ekspertlari, shuningdek tadbirkor va fermerlik sub’ektlari, sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yurtimiz hayotida qator o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Bu o‘z navbatida sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj oshishini ta’minlab, sug‘urta bozorida sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirmoqda.

Mamlakatimizda qishloq ho‘jaligini qo‘llab-quvvatlashda sug‘urta faoliyatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha xizmatlar sifati va ko‘lamini oshirish, ularning yangi turlarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Prezidentimizning 2024 yil 1 martdagi “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohani yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda mazkur qarorning mazmun-mohiyati, uning ijrosini samarali tashkil etish hamda soha mutaxassislarining mas’uliyatini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek yig‘ilishda joriy yilgi davlat dasturida “Qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarni sug‘urtalash to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha vazifa belgilab berilganligi va loyiha bo‘yicha ishlar olib borilayotganligi aytib o‘tildi.

Bugun mamlakatimizda 90 ming nafarga yaqin fermer xo‘jaliklari,
500 ming nafardan ortiq dehqon va 5 millionga yaqin yordamchi xo‘jaliklar faoliyat ko‘rsatmoqda. Barcha meva-sabzavot mahsulotlarining qariyb 70 foizi ularning o‘z hududlarida yetishtiriladi.

Bundan tashqari, respublika bo‘ylab intensiv bog‘lar barpo etish
va sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Shu sababli, yaratilgan bog‘lar, uzumzorlar va ekinlarni sug‘urtalash masalasi juda dolzarb hisoblanadi.

Shuning uchun aynan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tabiiy ofatlar va ular tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararni qoplash kafolatlarini berishi muhimdir. Ushbu muammolarni oldini olish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarni sug‘urtalash to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Davra suhbatida mazkur qonun loyihasi bo‘yicha ishtirokchilar o‘z fikr va takliflarini berib o‘tdilar. Qonun loyihasi tegishli tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan o‘rganib chiqilishi belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    20
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+