Zarbdorda deputatlar tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokorini hisobotini eshitdilar

16.03.2024, 14:59

Zarbdorda deputatlar tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokorini hisobotini eshitdilar

Xalq deputatlari Zarbdor tuman Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar tomonidan Prezidentivbpning 2021 yil 25 maydagi “Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5124-sonli Qarori ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Zarbdor tuman Tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Bahrom Navro‘zovning hisoboti eshitildi.

Xalq noiblari yig‘ilishdan oldin tuman tibbiyot birlashmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Bemorlar holidan xabar olib, ular bilan muloqotda bo‘ldilar.

So‘ngra bo‘lib o‘tgan yig‘ilishga tibbiyot birlashmasi rahbari bilan birgalikda bo‘lim boshliqlari ham taklif qilindi.

Bosh shifokor o‘z hisobotida ta’kidlab o‘tganidek, tuman tibbiyot birlashmasi 130 ta statsionar o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, qabul, tug‘ruqxona kompleksi (tarkibida ginekologiya va xomilador ayollar kasalliklari o‘rinlari bilan), reanimatsiya, ichki kasalliklar(tarkibida kardiologiya, endokrinologiya va nevrologiya o‘rinlari bilan), jarrohlik bolalar kasalliklari  va yuqumli kasalliklar bo‘limlaridan hamda 2 ta oilaviy poliklinika, 5 ta oilaviy shifokor punktlari, 5 ta mahalla tibbiyot punktlari va markaziy poliklinikadan iborat.

2023 yil davomida mavjud davolangan bemorlar soni 9 167 nafarni tashkil etgan. Shundan 8 714 tasi budjet o‘rin birliklarida, qolgan 453 nafari pullik o‘rin birliklarida davolanishgan.

O’tgan yili tuman tibbiyot birlashmasi operatsion blogining 2 qavatida joylashgan Reanimatsiya bo‘limi bemorlarni joylashtirishdagi noqulayliklar sababli, 1 qavatga olib tushirildi. Buning uchun budjet mablag‘lari hisobidan 949 mln. 337 ming so‘m mablag‘ sarflandi.

Mutasaddi o‘z hisobotida tuman tibbiyot birlashmasidagi mavjud muammoli holatlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Eng dolzarb muammo - malakali mutaxassislarning yetishmasligidir. Ayni paytda tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan zarbdorlik 18 nafar yoshlar bilan uzviy aloqalar o‘rnatilgan. Ularni ishga jalb qilish maqsadida tuman hokimligi bilan qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Yig‘ilish davomida mutasaddining hisobotini qoniqarli, deb topgan deputatlar, tumanda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tdilar. Bildirilgan fikr va mulohazalar, takliflar umumlashtirilib, mazkur sohada amalga oshirilgan ishlarni deputatlik va jamoatchilik nazoratiga olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xolbek ASATOV,

O’zLiDeP Jizzax viloyat kengashi

Siyosiy ta’lim va deputatlik guruhlari

bilan ishlash bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    38
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+