Issiqxona faoliyatiga ishtiyoqi baland ayollar uchun mahorat darsi tashkil etildi

16.03.2024, 15:01

Issiqxona faoliyatiga ishtiyoqi baland ayollar uchun mahorat darsi tashkil etildi

Yurtimizda keyingi paytda tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirishga, xususan issiqxonalar faoliyatini kengaytirishga va shu tariqa aholi bandligini ta’minlashga katta e’tibor berilmoqda. Zotan tomorqa xo‘jaliklari rizq-ro‘z manbaidir. Ana shunday xo‘jaliklardan biri - Vobkent tumanidagi "Diyor" mahallasida tashkil etilgan.

Partiya Vobkent tuman Kengashi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Shamsiya Saidova  O‘zLiDeP “Ayollar qanoti”ning “Namunali tomorqachi ayol-farovonlik bunyodkori!” loyihasi doirasida “Diyor” MFY vakillari bilan birga o‘z tomorqasida issiqxona tashkil qilgan holda tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan Farida Aslonova xonadonida bo‘lib, tomorqa faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tomorqa xo‘jaligini va oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida uy egalari o‘z tomorqa yerining 5 sotixdan iborat maydonida issiqxona tashkil etib, bugungi kunda u yerda mandarin, limon kabi sitrus mevalar, uzumning ertapishar navlari hamda turli xil ko‘katlarni yetishtirmoqdalar. Mahsulotlarni nafaqat mahalladoshlariga, balki qo‘shni tumanlar aholisi uchun peshma-pesh yetkazib bermoqdalar.

-  Issiqxonada yetishtirilgan mahsulotlarni xaridorlarga yetkazib berib, 10-12 mln. so‘m miqdorida sof foydaga erishyapmiz. Bu mo‘ljaldagidan anchagina ko‘p, - deydi xonadon bekasi F. Aslonova. Shu bilan birga mahallamizdagi 5 nafar ishsiz fuqarolarni issiqxonada doimiy ish bilan ta’minlashga muvaffaq bo‘ldik. Issiqxonamizda sifatli biogomus o‘g‘itini tayyorlab, joylarga yetkazib berayotganimiz tufayli ham daromadimiz yanada salmoqli bo‘lyapti.

Shu kuni bu yerda mahalladagi tomorqachilikka, issiqxona faoliyatiga ishtiyoqi baland bo‘lgan xotin-qizlarga mahorat darsi tashkil etildi.

  • Ko'rildi
    32
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+