Bolajonlarning sunnat to‘ylari o‘tkazildi

20.03.2024, 19:22

Bolajonlarning sunnat to‘ylari o‘tkazildi

Davlatimiz rahbarining “2024 yilgi Navro‘z – umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi hamda “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorlarida savob va xayrli ishlarni yana-da takomillashtirish maqsadida bir qator vazifalar belgilab berilgan. Prezidentimizning ushbu qarorlari ijrosini taʼminlash bo‘yicha O‘zLiDeP Buxoro viloyati kengashi, Osiyo-Okeaniya Kurash konfederatsiyasi prezidenti, partiya faoli Komiljon Ro‘ziyev hamda viloyatdagi bir qator saxovatpesha tadbirkorlar hamkorlikda savob va xayrli tadbir – 18 nafar bolajonning sunnat to‘yini o‘tkazdi. 

Buxoro shahridagiRudizar” tantanalar saroyida partiya viloyat, shahar va tuman kengashlari masʼullari, mahalliy Kengashlar deputatlari bayramona bezatilgan dasturxon atrofiga to‘planib, sunnat to‘yining jajji ishtirokchilarini muborakbod etdi. 

Tadbir davomida so‘z olganlar yurtimizda kamxarj va ehtiyojmand oilalar hamda ularda o‘sib ulg‘ayayotgan yoshlarga endilikda har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganligi, bu o‘z navbatida davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarilgani, zotan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham bu borada ustuvor vazifalar mujassam ekanligi, qolaversa, shukuhli bayram – Navro‘zi olam kunlarida bunday ibratli tadbirlar muhimligini taʼkidladi. 

To‘y bolalarga milliy va xalqona rasm-rusumlarga binoan yarashib tushgan sarpolar kiydirilib, sovg‘a-salomlar ulashildi. 

–Bugungi bayramona tadbir tashkilotchilaridan behad minnatdorman,– deydi Jondor tumanidagi “Po‘loti” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi aka - uka Bilolbek hamda Muhammadjon Oripovlarning bobosi Olim Halimov. –Kelajakda jajji farzandlarimning mustaqil Vatanimizga munosib kishilar bo‘lib voyaga yetishlariga chindanda ishonamiz. Chunki, buning uchun yurtimizda barcha sharoit yaratib berilgan. O‘g‘il-qizlarimizni har qachongidan ko‘ra sog‘lom va barkamol qilib tarbiyalashda biz hamisha masʼulmiz. Navro‘z ayyomi va qutlug‘ Ramazon oyi kunlarida ko‘ngillarga yorug‘ va iliq bir nur olib kiruvchi bunday ibratli tadbirlar bardavom bo‘lishiga tilakdoshman. Buning uchun davlat rahbariga minnatdorchilik bildiraman. 

Bezatilgan dasturxon atrofida yangragan kuy-qo‘shiqlar, ijro etilgan jozibali raqslar barchaga xushnudlik baxsh etdi. 

Shu kuni bu yerda muborak Ramazon oyi munosabati bilan ro‘zadorlar uchun iftorlik dasturxoni ham tashkil etildi.  

  • Ko'rildi
    26
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+