Qashqadaryoda tomorqachilarga artezian quduqlar qurib berilmoqda

31.05.2021, 12:25

Qashqadaryoda tomorqachilarga artezian quduqlar qurib berilmoqda

Bu yilgi suv tanqisligi tomorqachilar uchun ham muammolar keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarida bir tomchi suvning qadri zar bilan teng bo‘lmoqda. Shu bois Qashqadaryo viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi OʼzLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi bilan hamkorlikda Dehqonobod tumanidagi Beshbuloq MFY hududidagi suv ta’minoti og‘ir qishloqlarda bo‘lishib, aholining tomorqalardan foydalanish ahvolini o‘rganishdi.

Beshbuloqdagi mashhur tomorqachilardan biri — Sayfulla Turdiyev o‘zining 6 sotix tomorqasini gullatib qo‘yibdi. 2 sotixdan ortiq issiqxonasida suv tanqisligi sharoitiga qaramasdan pomidor, bodring va turli ko‘katlar yetishtirmoqda. Bundan tashqari u qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan 8 sotix joyda ham bog‘ yaratib, daraxtlar ostida kartoshka va boshqa ekinlar parvarishlab, ichki bozor to‘kinligini ta’minlamoqda.

—Bizda oqar suvning o‘zi yo‘q, — deydi tomorqachi Sayfulla Turdiyev. —Aholi artezian quduqlardan foydalanadi. Menda artezian quduq yo‘q, qo‘ni-qo‘shnilardan suvni qarzga olib ishlatyapman. Ishchi guruhi faoliyatimni o‘rganib, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qoshidagi jamg‘arma hisobidan artezian quduq qurish uchun 20 million so‘m 14 foizli kredit ajratishni aytishganida juda quvonib ketdim. Kredit foizining bir qismi jamg‘arma hisobidan qoplab berilishi esa biz tomorqachilar uchun katta imtiyozdir.

Shu hududda yashovchi Gullola Abdishukurova ham yaxshi tomorqachi. Hovlisidagi 6 sotix va uyi orqasidagi 8 sotix joyda bog‘ yaratib, daraxt ostida turli tuman poliz, sabzavot ekinlari parvarishlab kelmoqda. Oqar suv yo‘q sharoitda bog‘i yashnab turgan bunday tomorqachilar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, albatta, ularning faoliyati yanada yuksaladi.

— Ishchi guruhi menga ham artezian quduq qurish uchun 20 million so‘m 14 foizli kredit ajratishini aytishdi, — deydi Gullola Abdishukurova. — Albatta, o‘zimning artezian qudug‘im bo‘lsa yaxshida, daromadim ikki baravar oshadi. El to‘kinchiligini ta’minlashga yanada ko‘proq hissa qo‘shaman. Hozirgi suv tanqisligiga qaramasdan 2 sotix issiqxonamda har tomchi suvning qadri yetib, pomidor, bodring yetishtiryapman. Bog‘larim bog‘larim ko‘zni quvnatadi. Samarqanddan eng sara, payvandli olma, nok, olxo‘ri daraxt ko‘chatlarini olib kelib ekkanman. Nasib etsa, artezian quduqni qurib olsam, mendan o‘tadigan tomorqachi bo‘lmaydi.

Dehqonobod tumanidagi mahallalarni o‘rganish jarayonida 15 nafar tomorqachiga Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari qoshidagi jamg‘arma mablag‘i hisobidan artezian quduq qurib berishga kelishib olindi.

Faxriddin Bozorov,

«Xalq so‘zi»

Teglar
Tomorqa
  • Ko'rildi
    1013
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Og'abek2021-06-30 14:08:33

Qanday boglansak buladi menga ham kk edi


Fikringizni qoldiring

+