O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

06.07.2018, 09:34

O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Ta’kidlansinki, tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarni tashkillashtirilgan tarzda yig‘ish yuzasidan xalqaro shartnomalar tuzish, ularning respublika tashqarisida ish joylariga xavfsiz tarzda yetib borishini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, noqonuniy mehnat migratsiyasining katta oqimi haligacha saqlanib qolmoqda.
 
Fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tarzda ishga joylashtirish, shuningdek, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarning bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlari past darajada qolishi davom etmoqda.
 
Tashqi mehnat migratsiyasi tizimini yanada takomillashtirish, uning tashkiliy shakllarini tubdan kengaytirish, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga ketayotgan fuqarolarning mehnat va ijtimoiy huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarini tadbirkorlik va mehnat faoliyatiga jalb etishni kengaytirish, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:
 
1. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-sentyabrdan O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar:
 
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha;
 
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida akkreditatsiyadan o‘tish asosida, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining kasbiy malakasini, jumladan, kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish va xorijiy tillarni bilish darajasini tasdiqlash borasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
 
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining litsenziyalar berish va akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish, zarur hujjatlarni tayyorlash funksiyalarini bajaruvchi ishchi organi etib belgilansin.
 
2. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) yuridik shaxs maqomida tashkil etilsin.
 
Quyidagi xarajatlarni moliyalashtirish Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
 
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo‘ravonlik, majburiy mehnat va kamsitishdan jabrlangan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag‘siz qolgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ularga moddiy yordam ko‘rsatish;
 
mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda jarohatlanish, baxtsiz hodisa sababli tibbiy xizmat ko‘rsatish talab etilgan fuqarolarga, ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar haqini mehnat migranti hisobidan to‘lash imkoniyati bo‘lmagan hollarda to‘langan mablag‘lar ushbu fuqarolar tomonidan keyinchalik qoplab berilishi sharti bilan, tibbiy xizmat ko‘rsatish;
 
ishga joylashgan davlatning tegishli muassasalari tomonidan tasdiqlangan hollarda respublikadan tashqarida mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, xorijdagi mehnat faoliyati vaqtida mehnat qobiliyatini yo‘qotishga olib kelgan shikastlanish yoki jiddiy jarohatlangan fuqarolarni olib kelish;
 
mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga tashkillashtirilgan tarzda ilgari yuborilgan va ishga joylashgan mamlakatning qonun hujjatlarini buzish oqibatida ushbu mamlakat hududidan chiqarib yuborilgan (deportatsiya qilingan) fuqarolarni, to‘langan mablag‘lar ushbu fuqarolar hisobidan keyinchalik qoplab berilishi sharti bilan, shuningdek, kelishilgan mehnat sharoitlari chet ellik ish beruvchilar tomonidan ta’minlab berilmagan fuqarolarni qaytarish;
 
respublika hududlarida xorijga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni ketishdan oldingi moslashtirish, kasbiy tayyorlash, xorijiy tillarga o‘qitish va bilim darajasi yuzasidan test sinovlari o‘tkazish, fuqarolarning kasbiy malakasini tasdiqlash markazlarini tashkil etish hamda jihozlash;
 
xorijda Agentlikning vakolatxonalarini tashkil etish va jihozlash;
 
norasmiy mehnat migratsiyasining oldini olishga qaratilgan, fuqarolarni xorijda ishga tashkillashtirilgan tarzda joylashtirish tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha axborot-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish.
 
3. Quyidagilar Jamg‘armaning daromadlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
 
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan 200 milliard so‘m miqdoridagi bir martalik beg‘araz moliyaviy yordam;
 
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan tuziladigan litsenziya kelishuvi doirasida fuqarolarni mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga yuboruvchi tashkilotlarning, zaxiralanayotgan mablag‘ ishlatilgan hollarda mablag‘larni to‘ldirish, shuningdek, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish huquqini beruvchi litsenziya muddati tugatilgan hollarda mablag‘larni qaytarish sharti bilan, 50 ming AQSH dollari miqdoridagi zaxiralanadigan mablag‘lari;
 
bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
 
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
 
4. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir oy muddatda quyidagilarni tasdiqlash bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
 
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
 
Xorijga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining kasbiy malakalarini tasdiqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
 
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkillashtirilgan tarzda yig‘ish tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
 
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining yangilangan nizomini;
 
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomni, jumladan, unda jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini nazarda tutgan holda.
 
5. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-avgustdan:
 
xususiy mehnat shartnomalari bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tish taomilini joriy etgan holda, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi bekor qilinadi;
 
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga eng kam ish xaqining to‘rt yarim baravari miqdorida yillik sug‘urta to‘lovlarini ixtiyoriy ravishda to‘lash tartibi joriy etiladi, bunda to‘lovlar amalga oshirilgan davrlar belgilangan tartibda mehnat stajiga qo‘shiladi.
 
6. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir oy muddatda minimal rentabelli yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan ijtimoiy korxonalarni davlat-xususiy sheriklik shartlarida tashkil etish mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha, ushbu maqsadlarga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘larini yo‘naltirishni nazarda tutgan holda, Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
 
7. Agentlik barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod qilinsin.
 
8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahamasiga Agentlikning boshqaruv xodimlari hisobidan mas’ul xodimlarni O‘zbekiston Respublikasining diplomatik pasporti taqdim etiladigan mansabdor shaxslar ro‘yxatiga kiritish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini kiritsin.
 
9. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mehnat qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
 
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasining bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.D.Qudbiyevga yuklansin.
 

O‘zbekiston Respublikasi 
Prezidenti                                              Sh.MIRZIYOYEV
 

Toshkent shahri, 
2018-yil 5-iyul

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    72
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Yazdon Toshonov O'zLiDeP Kattaqurg'on tuman Kengashi raisining birinchi o'rinbosari ,apparat rahbari.2018-07-09 11:04:39

Бошка юртларда ишлаб юрган йигит ва кизларимизнинг Давлатимиз томонидан тузилаетган жамгарма билан хамкорликда ишлаши , уларнинг хайот ва мехнат хавфсизлигини таъминлайди.


Я АШУРОВ Мусурмон Жабборович2018-07-06 15:26:49

Я, ИСКРЕННО БЛАГОДАРЕН МОЕМУ ПРЕЗИДЕНТУ Ш.М Мирзиёеву он гений, если он будет эффективно усилит эту инновации экономика страны в наших руках .


Сергели туман Кенгаши ижрочи котиб М.Бозорова2018-07-06 10:48:26

Президентимиз халқни дардидан келиб чиққан ҳолда олиб боаётган сиёсатларидан хурсандмиз. Ҳозирги вақтда бандлик муаммоси энг долзарб мавзудир. Чет давлатларга ишлаш учун кетган ватандошларимизни ижтимоий қўллаб қувватланиши бу уларни келажакда ўзини ҳаётини тиклаб олишига сабаб бўлади.


Fikringizni qoldiring

+