Dollar kursi oshsayam tadbirkorga zarari tegmaydigan tizim joriy etiladi

23.08.2021, 10:49

Hazratqul Xo‘jamqulov,
Hazratqul Xo‘jamqulov,

Dollar kursi oshsayam tadbirkorga zarari tegmaydigan tizim joriy etiladi

Tadbirkorning eng yaqin hamkori bu – bank. Qaysi tadbirkor bankdan olgan mablag‘ni maqsadli ishlatsa va vaqtida qaytarsa, bank ishonchini qozonadi, kelgusidagi hamkorlik rishtalari mustahkamlanadi. Hozirgi kunda bizda eng katta muammo bank va mijoz o‘rtasidagi muvozanatning buzilgani, shartnoma shartlari o‘z vaqtida bajarilmayotganidir.

Kuni kecha Prezidentimiz tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazgan uchrashuvida ham bu muammoga to‘xtalib, endilikda dollar kursi oshsa ham tadbirkorga zarari tegmaydigan tizim joriy etilishi xususida aytib o‘tdi. Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi. Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablag‘larni so‘mga o‘tkazib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi. Boshqacha aytganda dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkor uchun qo‘shimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi. Mazkur kompaniya barcha hudud va tarmoqlar bilan yaqin hamkorlikda ishlab banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi.

Bu qanday amalga oshiriladi? Kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari bo‘yicha qo‘shimcha 600 million dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar tanlov asosida, ham davlat, ham xususiy banklarga beriladi. Qaysi bank eng yaxshi biznes reja, qaytimi yuqori va eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan loyihalarni taqdim etsa, ushbu mablag‘lar ana shu banklarga taqdim etiladi.

Aytmoqchimanki, har bir tadbirkor endilikda bank bilan yangicha formatda, aniq hisob-kitob va shartnoma shartlariga to‘liq amal qilgan holda ish yuritsagina o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga yetadi. Bank va tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshi yo‘lga qo‘yilishi har ikki tomon uchun ham manfaatlidir.


  • Ko'rildi
    697
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+