O‘zbekiston-Turkiya: hamkorlikning istiqbolli va yangi qirralari

30.04.2018, 12:53

O‘zbekiston-Turkiya: hamkorlikning istiqbolli va yangi qirralari

Ayni paytda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Mazkur tashrifni O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, transport, logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi o‘ta muhim tarixiy voqea sifatida baholash mumkin.

Ta’kidlash joizki, Turkiya Respublikasi O‘zbekiston tashqi siyosatida alohida o‘ringa ega bo‘lgan, o‘ziga xos mamlakat hisoblanadi. Buni quyidagi bir qator omillar bilan izohlash mumkin. Birinchidan, ushbu mamlakat dunyodagi 200 dan ortiq mamlakatlar ichida O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan va shu tariqa uning dunyo xaritasida yangi davlat sifatida e’tirof etilishi jarayonini boshlab bergan mamlakat hisoblanadi. Ikkinchidan, o‘zbek va turk xalqlarini azaliy do‘stlik, birodarlik va qardoshlik rishtalari o‘zaro bog‘lab turadi. Har ikki xalq ham turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar bo‘lib, ularning madaniyati, dini va urf-odatlari bir-biriga juda yaqin. Qolaversa, Turkiyaning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyalari, dengiz yo‘llari, qishloq xo‘jaligi, turizm salohiyati, ulkan davlatchilik tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘z navbatida O‘zbekiston ham Turkiya tashqi siyosatida muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimiz bugungi kunda Turkiyaning Markaziy Osiyoda eng asosiy sheriklaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistoning ulkan bozori, tobora liberallashib borayotgan iqtisodiyoti, qulay investitsiyaviy muhiti, tarixiy shaharlari, muqaddas diniy qadamjolari Turkiyada katta qiziqish uyg‘otmoqda. Demak, hamkorlikni mustahkamlashdan har ikki tomon ham manfaatdor bo‘lib, bu esa o‘zaro munosabatlarning istiqboli porloq ekanligidan dalolat beradi.

Umuman olganda, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar dinamik ravishda yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda. Buni O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on o‘rtasida o‘tgan davr mobaynida bo‘lib o‘tgan qator uchrashuvlar ham yaqqol tasdiqlaydi. Xususan, Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning 2016 yilning noyabr oyida Samarqand shahriga tashrifi davomida, o‘tgan yil may oyida Pekinda o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” forumi doirasida, 2017 yilning sentabr oyi avvalida Ostona shahrida bo‘lgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha sammiti doirasida, 20 sentyabrda esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktabr oyida Turkiyaga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat yetakchilari o‘zaro uchrashib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbollari to‘g‘risida fikrlashib olgan edilar.

Bu galgi oliy darajadagi siyosiy muloqotda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘llari, ikki tomonlama munosabatlarning yangi istiqbollarini belgilash va rivojlantirish, shuningdek, tashrif doirasida Turkiya Prezidenti O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi banklari, kompaniya va firmalari vakillari ishtirokidagi biznes forumida qatnashishi ham ko‘zda tutilgan. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur qaynoq jarayonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalar rivojiga ham yangi sur’at baxsh etadi. Garchi mamlakatimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritayotgan 2017 yilning o‘zida yurtimizda ushbu mamlakat sarmoyasi ishtirokida 20 dan ortiq korxona tashkil etilgan bo‘lsada, bu borada hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p. Ikki mamlakat uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish orqali o‘zaro savdo hajmini muttasil oshirib borish imkoniyatiga ega hisoblanadi. Xususan, O‘zbekiston keng turdagi sanoat mahsulotlari, transformatorlar, kabel o‘tkazgichlar va boshqa elektrotexnika tovarlari, polimerlar, mis va mis mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, ip-kalava, meva-sabzavot, qayta ishlangan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni eksport qilishi mumkin. Qolaversa, turizm sohasida ham hali ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud.  Shu ma’noda Turkiya Prezidentining yurtimizga tarixiy tashrifi Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarini yangi qirralarini ochishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Polyante SVESHNIKOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1659
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Санжар Каримов Кескантерак БПТ2018-05-08 14:09:28

Ўзбекистон Туркия ҳамкорлик мамлакатимизни янада ривожланиши учун хизмат қилади.


Абдурасулов Шухрат Арнасой тумани аппарат рахбари2018-05-04 17:44:43

Мамлакатимиз бугунги кунда Туркиянинг Марказий Осиёда энг асосий шерикларидан бири ҳисобланади. шу боисдан икки мамлакат тадбиркорларига кенг эшиклар очилмоқда.


исаев Сардор2018-05-04 11:56:07

Ушбу ҳамкорлик мамлакатимизни янада ривожланиши учун хизмат қилади.


Қувасой шахар Кенгаши ижрочи котиби Алимова Холидахон2018-05-04 10:04:15

Ўзбекистоннинг халқаро ҳамжамият олдида очиқ конструктив сиёсат юритаётгани нафақат мамлакатимиз ижтимоий-сиёсий, иқтисодий ҳаётида туб бурилиш ясамоқда, балки бутун Марказий Осиёда инвестицион муҳитни яхшиланишида, қўшни давлатлар ўртасида ўзаро манфаатли ҳамкорлик алоқаларини кучайишидан далолатдир тутмоқда.


Муроджон Ядгаров- Риштон туман Кенгаши ижрочи котиби2018-05-04 08:48:44

Ушбу алоқалар мамлакатимизнинг иқтисоди янада юксалишида ўзининг ижобий натижаларини беради. Туризм, савдо-сотиқ, транспорт ва ижтимоий соҳаларга инвестициялар жалб этилиши барқарор ривожланишнинг кафолати бўлади.


Миришкор туман Дўстлик БПТ раиси Маматқулова Гулшод2018-05-03 17:20:29

Юқори даражадаги фаол мулоқатлар икки томонлама ўзаро манфаатли ҳамкорликни янада кенгайтириб, уларни аниқ мазмун билан бойитганлигини такидлаб ўтиш керак


Бекназаров Қутлыбай Нийетбаевич2018-05-03 15:48:23

Давлатларнинг ривожланиш стратегияси яқин қўшничилик, миллатлараро дўстона муносабат, иқтисодий ҳамкорлик ва ислоҳотларнинг босқичма-босқич ҳаётга тадбиқ этилишидир. Ўзбекистоннинг бугинги ривожланиш стратегиясини юқорида айтилган босқичларда кўришимиз мумкин. Бизнинг Президентимиз биринчи навбатда географик қўшни давлатлар билан ўзора-аро мустаҳкам алоқаларни йўлга қуйди, миллатлар-аро дўстона муносабатларни яратиб берди ва давлатнинг иқтисодий барқарорлигини оширишда бошқа мамлакатлар билан иқтисодий ҳамкорлик алоқаларни яратмоқда. Ўзбекистон-Туркия давлатлари ўз-ора ишончли ҳамкор ҳисобланади. Икки давлат ўртасидаги савдо-иқтисодий, маданий-гуманитар, ижтимоий, таълим йўналиши, тиббиёт соҳаларини ва туризмни ривожлантиришга қаратилган ҳамкорликлар яқин келажакда икки давлат учун стратегик самараларни беради. Туркия давлати ишбилармонлари билан Ўзбекистонлик тадбиркорлар ўртасида текстил йўналишида ишлаб чиқаришни қувватини кучайтиришда, соғлиқни сақлаш йўналишида ҳусусий тиббиёт муассасалари кадрлар тайёрлашдаги ҳамкорликни ва таълим тарбия йўналишларида янги педагогик технологияларни жорий этишда ҳамкорликни мустаҳкамлаш зарур. Шунингдек, икки давлат ўртасидаги туризм сектори бўйича лойиҳаларни амалга оширишда зиёрат туризмни ривожлантириш мақсадга мувофиқ деб уйлайман, бунга муҳит ҳам имконият ҳам яратилган.


Olimjon Movlanov Abdiraupovich - O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi Siyosiy Ta‘lim Markazi rahbari2018-05-03 12:38:53

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi har ikki davlatning milliy manfaatlari mushtarakligi bilan ahamiyatga molikdir. Biz UzLiDeP hodimlari Xarakatlar strategiyasining 5 ustuvor yo‘nalishi va elektoratimiz vakillarining manfaatlari va mamlakatimiz iqtisodining gullab- yashnashi nuqtai nazaridan kelib chiqib Prezidentimiz tashabbusi bilan tashqi siyosat sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi!


“Финсервис” МЧЖ БПТ2018-05-03 11:33:16

Жаҳоннинг йирик матбуотчилари томонидан эътироф этилаётган Ўзбекистон ва Туркия муносабатларини ҳар куни эътироф этсак ҳам кам. Сабаби кўп йиллик меҳнат, келишув ва дўстона муносабатлар кундан-кунга ривожланиб бормоқда.


O’zLiDeP Музработ туман Кенгаши "Бодомзор" МФЙ БПТ раиси Хурсандов Равшан 2018-05-03 11:01:03

Президентимиз Шавкат Мирзиёевнинг таклифига биноан Туркия Республикаси Президенти Режеп Таййип Эрдўғон давлат ташрифи билан мамлакатимизда бўлиб турибди. Ўзбекистон ва Туркия ўртасидаги ҳар томонлама ҳамкорлик ҳар икки давлатга ҳам фойда келтиради. Замонавий ишлаб чиқаришни йўлга қўйишимизда туркия технологиялари олиб келиш, фуқароларга янги иш ўринлари яратилиб халқимизга яхши самара беради.


Fikringizni qoldiring

+