Test sinovlarining takomillashtirilishi malakali kadrlar tayyorlashning yangi mexanizmini yaratadi

22.11.2017, 11:22

Test sinovlarining takomillashtirilishi malakali kadrlar tayyorlashning yangi mexanizmini yaratadi

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida ko‘p mavzular ochiqcha muhokama etilmoqda. Xususan, har yili 1 avgustda bo‘lib o‘tadigan test imtihonlari ham bu yil juda ko‘p muhokamalarga mavzu bo‘ldi. Shu mavzuda tele va radiokanallarda ochiq muloqotlar, tok-shoular uyushtirildi. Bu esa test jarayonlarining oldingilariga nisbatan ochiq va shaffof bo‘lishiga xizmat qildi.  Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, 2018/2019 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari yanada adolatli, xolis va shaffof bo‘ladi. Prezidentimizning “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bizga ana shunday ishonch bermoqda.

Qarorga muvofiq, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkazish, kirish test sinovlari natijalarini test o‘tkazilgan kunning ertasigayoq DTMning rasmiy veb-saytida e’lon qilish, abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qabulni test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshirish belgilangan.

Ta’kidlash kerak, oldingi tartibda imtihonlarning bir kunda va bir vaqtda bo‘lib o‘tishi, test javoblarining esa 15-16 kundan keyin e’lon qilinishi aholi o‘rtasida turli shubha va gumonlarni keltirib chiqarayotgan edi. Mazkur qaror, eng avvalo, aholida test sinovlariga bo‘lgan ishonchsizlikni kayfiyatini yo‘qotishga xizmat qiladi. Shuningdek, alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlaridan test sinovlarining olib tashlanayotgani mazkur sohalarga “adashib kirib qolayotgan”ni butkul yo‘qotadi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qaror kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashning yangi tizimini yaratishi shubhasiz. O’zLiDeP ham Prezidentimizning mazkur qarorini aholi o‘rtasida kengroq targ‘ib qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Inchunin yuksak ilmiy salohiyatga ega, bilimli, tafakkuri va dunyoqarashi keng, malakali kadrlarni tayyorlash partiyamiz saylovoldi Dasturining ustuvor vazifasidir.

Sevara MUSLIMOVA,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1204
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+