O’zbekiston–Qatar: o‘zaro munosabatlarda muhim bosqich boshlanmoqda
08.06.2023, 12:00
So‘nggi o‘n yillikda Qatarning xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rni sezilarli darajada oshdi. Ushbu davlat aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi, jahonning gaz eksport qiluvchi yirik mamlakatlari beshtaligiga kiradi.
Bundan tashqari, ushbu davlat mintaqaviy munosabatlarda muhim xalqaro vositachi va muvofiqlashtiruvchi hamdir. So‘nggi yillarda Qatar o‘z tashqi siyosiy strategiyasida keng imkoniyatlarga ega bo‘lgan yetakchi arab mamlakatlaridagi voqealarga jalb qilinish bo‘yicha siyosiy doktrinaga tayana boshladi.
Bugungi kunda bu davlat milliy daromad manbalarini diversifikatsiya qilishga, resurslar, investitsiyalardan oqilona foydalanish siyosatini qabul qilishga, raqobatbardosh iqtisodiyotni qurishga e’tibor qaratmoqda. Mamlakatning inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha tajribasi katta qiziqish uyg‘otmoqda.
O’zbekistonda Qatarga nafaqat yaqin sharq mintaqasidagi, balki butun arab musulmon olamidagi istiqbolli hamkor sifatida qaraladi. Joriy yilda Toshkentda ushbu mamlakat elchixonasining ochilishi ikki tomonlama hamkorlikni faol ilgari surishda muhim o‘rin tutganini alohida ta’kidlash joiz. O’z navbatida, O’zbekistonning geografik joylashuvi Osiyo bozoriga chiqish imkonini beradi, bu esa qatarlik ishbilarmonlar va sarmoyadorlarga Osiyoda yangi bozorlarni o‘zlashtirishga turtki bo‘lmoqda.
2022 yilda O’zbekiston va Qatar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,82 mln dollarni tashkli etdi, shundan 4,32 mln dollar neft mahsulotlari va uglevodorodlarni o‘z ichiga olgan import hissasiga to‘g‘ri keladi. O’zbekiston uglevodorodlarni qidirish va qazib olishni kengaytirish uchun neft-gaz tarmog‘iga horijiy investitsiyalarni jalb qilishga intilmoqda. Mamlakatimiz elektr energiya sohasiga Qatar kapitalini jalb qilish istiqbollari mavjud. Bundan tashqari, Qatarning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlarini jalb qilgan holda, sanoat ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash hamda O’zbekiston infratuzilmasini modernizatsiya qilish davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi.
Shu bois, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning O’zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi har ikki mamlakat uchun katta ijobiy voqea bo‘ldi. Tashrifning asosiy tadbirlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev va shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy o‘rtasidagi muzokaralarda siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Diplomatik munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi hamda uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tomonlar o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
Qatarning yetakchi kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Muzokaralarning yana bir muhim natijasi – davlat rahbarlarining Markaziy Osiyoni Ko‘rfaz mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz yo‘laklarni shakllantirish muhimligi haqida yakdil fikrdaligidir.
Tomonlar Afg‘onistonga nisbatan pragmatik siyosat yuritilishi, mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishi muhimligini ta’kidladilar.
Shu ma’noda, Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirishni birgalikda ilgari surish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Umuman olganda, muzokaralar yakuni bo‘yicha: Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim; Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va mulk soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim; Bojxona ishlarida o‘zaro ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida hukumatlararo bitim; Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolandi.
Xulosa o‘rnida shuni qayd etamizki, Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning O’zbekistonga tashrifi, shubhasiz, Qatar va O’zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda muhim bosqich bo‘lib, u turli sohalar, ayniqsa, energetika va qishloq xo‘jaligidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Shu tariqa, davlat va xususiy sektordagi barcha manfaatdor tomonlar uchun savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyalar va qo‘shma loyihalar bo‘yicha istiqbolli imkoniyatlardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Aktam XAITOV,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi
Fikringizni qoldiring