Chorshanba 02-Aprel 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zLiDePda Xitoy Kommunistik partiyasi delegatsiyasi ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

29.03.2025
91

Hozirgi kunda O‘zbekiston va Xitoy davlatlararo munosabatlarning turli sohalarida samarali muloqotni yanada kengaytirishda davom etmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalar, jumladan, innovatsiyalar, yashil energiya, ekologiya, inson resurslarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar va boshqa yo‘nalishlarda ko‘plab kelishuvlar mavjud.

Ta’kidlash joizki, XXRning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi 25 milliard dollarga yetdi, bu esa mamlakat iqtisodiyotiga ishonch tobora ortib borayotgani va mamlakatimiz Markaziy Osiyodagi asosiy strategik sherik sifatida tan olinayotganidan dalolatdir. Ushbu kelishuvlar va investisiyalar nafaqat iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlaydi, balki O‘zbekistonga yurtimizning uzoq muddatli barqaror iqtisodiy rivojlanish maqsadlariga mos keladigan ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilmasi va transport yo‘laklarini modernizatsiya qilish imkonini beradi.

Bularning barchasiga ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi yuqori darajadagi uchrashuvlar tufayli erishildi. Shu tariqa, o‘tgan yilning 24 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin barcha sohalarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichda rivojlantirishga qaror qildilar. Hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha yuksak darajadagi kelishuvlar ijrosi doirasida O‘zbekistonga Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi a’zosi, XKP Markaziy qo‘mitasi Xalqaro bo‘lim boshlig‘i Lyu Szyanchao tashrif buyurdi.

Joriy yilning 29 mart kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xayitov Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi a’zosi, XKP Markaziy qo‘mitasi Xalqaro bo‘lim boshlig‘i Lyu Szyanchao bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mehmonlar qatoridan Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szun ham joy oldi.

Mehmonlarga O‘zLiDePning faoliyati, partiyaning mamlakatni isloh qilish jarayoni va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosidagi roli haqida ma’lumot berildi. O‘z navbatida, O‘zLiDeP vakillari XKPning davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘yish sohasidagi siyosati bilan tanishtirildi.

Suhbat chog‘ida XKP vakilining ushbu tashrifi partiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirishning muhim ko‘rsatkichi ekanligi qayd etildi. Ta’kidlash joizki, O‘zLiDeP va XKP o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam asosga ega. Masalan, O‘zLiDeP delegatsiyasi XKPning “XKP va xorijiy mamlakatlar siyosiy partiyalari o‘rtasida yuqori darajadagi muloqot”, “Kuchli siyosiy partiyani qurish: muammo va istiqbollar” mavzusidagi forumlar, “Xitoy-Markaziy Osiyo” siyosiy partiyalar muloqoti va boshqa tadbirlarda ishtirok etgan.

Uchrashuv doirasida tantanali ravishda O‘zLiDeP va XKP o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Ushbu hujjat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining tarkibiy qismi ekanligi qayd etildi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va “Bir makon, bir yul” tashabbusida belgilab qo‘yilgan vazifalar ijrosi, partiyalar, jumladan yoshlar va ayollar qanotlari o‘rtasidagi muloqot, partiya nashrlari, mintaqaviy bo‘linmalar va boshqa tuzilmalar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik masalalari ustuvor yunalishlar sifatida qayd etildi.

Tadbir yakunida ushbu Memorandum imzolanishi ko‘p qirrali hamkorlikning asosiy vazifalarini amalga oshirishda ikkala tomon uchun ham yangi kun tartibiga aylanishi ta’kidlandi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?