Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryoda sanoat korxonalari faoliyatini o‘rgandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlik sub’yektlari va fermer xo‘jaliklari faoliyati o‘rganildi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish jarayonlarida mavjud muammolarni joyida o‘rganish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Ishchi guruh Qarshi shahridagi «Buyuk Turon» kichik sanoat zonasida joylashgan “Alp Texno Servis” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Elektrotexnika sohasidagi yirik sanoat loyihalaridan biri sanalgan ushbu korxona televizor va monitorlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, ishlab chiqarish quvvati birinchi bosqichda yillik 120 ming donagacha mahsulotni tashkil etadi. Korxona mahsulotlari JVC, TCL, Zimmer, Hofmann kabi xalqaro brendlar talablariga to‘liq javob bergan holda eksportga yo‘naltirilmoqda.
Korxonada “SMART” brendi ostida ham mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kelgusida yillik ishlab chiqarish hajmini 500 ming donagacha oshirish rejalashtirilgan. Ilgari eksport qilingan mahsulotlar qiymati 3 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, yaqin istiqbolda bu ko‘rsatkichni 6 million dollardan oshirish maqsad qilingan. Ayni paytda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning qariyb 70 foizi tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda.
O‘rganishlar davomida korxonada ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalari keng joriy etilgani ijobiy tajriba sifatida qayd etildi. Shu bilan birga, xalqaro bozorda, ayniqsa Xitoy kompaniyalari bilan raqobatning kuchayib borayotgani, mahsulot tannarxini pasaytirish, sifatni yanada oshirish va innovasion yechimlarni tatbiq etishda muayyan qiyinchiliklar mavjudligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan korxonalar raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda innovasion ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Partiya rahbari Aktam Xaitov mazkur masalalarni qonunchilik nuqtai nazaridan chuqur o‘rganish, ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
Umuman olganda, Qashqadaryo viloyatidagi o‘rganishlar tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni rivojlantirish va qonunchilikni amaliyot talablariga mos ravishda takomillashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ishchi guruh tomonidan yig‘ilgan taklif va muammolar asosida tegishli qonunchilik tashabbuslari ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritilishi rejalashtirilgan.