Andijonda O‘zLiDeP deputati tashabbusi bilan maktab o‘quvchilari uchun stipendiya joriy etildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Muqaddasxon Axmedovaning tashabbusi bilan Andijon tumanida maktab o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim loyiha amalga oshirildi.
Deputat Andijon tumani “Jevachi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan o‘zi tahsil olgan 2-sonli umumta’lim maktabiga muntazam tashrif buyurib, ta’lim jarayoni, o‘quvchilarning bilim darajasi hamda ularning iqtidorini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Joriy yilning may oyida maktabga tashrifi chog‘ida a’lo o‘qishi, namunaviy xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi bilan ajralib turgan o‘quvchilar uchun maxsus deputat stipendiyasi ta’sis etilishi e’lon qilingan edi. Belgilangan mezonlar asosida o‘tgan davr mobaynida o‘quvchilar saralab olindi.
Natijada o‘qishda, sportda va jamoat ishlarida yuqori natijalarga erishgan 10 nafar o‘quvchiga stipendiya sertifikatlari hamda har biriga 300 ming so‘m miqdorida pul mukofoti topshirildi. Shuningdek, ta’lim jarayonida faollik ko‘rsatgan 5 nafar o‘qituvchi hamda 7 nafar namunaviy o‘quvchi tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Yangi yil bayrami arafasida 2-sonli umumta’lim maktabida mukofotlarni topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sardorbek Mamarasulov, O‘zLiDeP Andijon viloyati Kengashi bo‘limi mudiri Ra’noxon Xayitboyeva, deputat yordamchisi Muharramxon Gulmatova hamda partiya faollari ishtirok etdi.
Tadbir davomida stipendiya sertifikatlari, pul mukofotlari va tashakkurnomalar tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi. Marosim bayramona ruhda o‘tib, o‘quvchilarni yangi yutuqlarga undadi.
Mazkur tashabbus yoshlarni rag‘batlantirish, ta’lim sifatini oshirish hamda iqtidorli avlodni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan O‘zLiDePning ustuvor maqsadlariga uyg‘un hisoblanadi.