Biznes yuritishni yanada soddalashtirish yo‘lida
Saylovoldi tashviqot siyosiy partiyalar uchun haqiqiy sinov va raqobat maydoni hisoblanadi. Chunki ushbu davrda siyosiy partiyalar tomonidan o‘z saylovoldi dasturidagi g‘oyalarning mazmun-mohiyatini saylovchilarga tushuntirib berish talab etiladi. Saylovda ishtirok etayotgan har bir partiya saylovchilarning ko‘proq ovozini olish uchun kurashganligi sababli ularning og‘irini yengil qiladigan eng muhim tashabbuslarni ilgari surishga harakat qilishadi. Chunki partiyalarning saylovda munosib ishtirok etishi va ko‘proq ovoz olishi bevosita saylovoldi dasturidagi g‘oyalarga bog‘liq hisoblanadi. Proporsional saylov tizimining joriy etilishi partiyalar o‘rtasidagi raqobatni yanada kuchaytiradi. Chunki saylovchilar partiyalarning saylovoldi dasturidagi g‘oyalardan kelib chiqib o‘zi ma’qul ko‘rgan partiyaga ovoz beradi.
O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘z faoliyatidagi yo‘nalishidan kelib chiqqan holda joriy yilgi saylovoldi dasturida ham qator, juda muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Har bir siyosiy partiyaning o‘ziga xos g‘oyalari mavjud bo‘lib, ular o‘z faoliyatini ushbu g‘oyalar atrofida qurishadi. Shu sababli, partiya saylovoldi dasturini tayyorlashda asosiy urg‘u partiyaning g‘oyasiga qaratiladi. G’oyalarning mazmuni esa, partiyaning siyosiy maydondagi spektrdagi o‘rnini ko‘rsatadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, O’zLiDePning siyosiy spektrdagi o‘rni “o‘ng markaz” hisoblangani holda partiya o‘z faoliyatida doimiy ravishda biznes yuritishning oson va qulay, byurokratik to‘siqlardan xoli bo‘lishi, iqtisodiy raqobat ustuvorligi g‘oyalariga asoslanadi. Aynan ushbu g‘oyalardan kelib chiqib, partiya mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, biznes muhitini yaxshilash hamda ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida litsenziyalar sonini 2 baravarga qisqartirish, 1000 ga yaqin byurokratik talablarni bekor qilish g‘oyasini ilgari surmoqda.
Ta’kidlash joizki, partiya mamlakatda biznesni boshlash hamda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha tashabbuskor hisoblanadi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida samarasi o‘laroq O’zbekiston biznesni boshlash uchun eng oson mamlakatlar qatorida e’tiroq etilmoqda. Partiya tomonidan ilgari surilayotgan ushbu tashabbus ham tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun bir qator yengilliklar yaratadi. Xususan, mazkur tashabbusning amalga oshirilishi faoliyatni boshlashdagi byurokratik to‘siqlarning oldini olishga, faoliyatni boshlash uchun talab etiladigan vaqt va boj to‘lovlarini qisqartirishga, xufyona iqtisodiyotning kamayishiga hamda tadbirkorlar sonining ortishiga, shuningdek raqobat muhitining kuchayishiga imkoniyat yaratadi. Bularning hammasi alal-oqibatda mamlakat iqtisodiyotini va fuqarolar farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, O’zLiDeP tomonidan ilgari surilayotgan bunday muhim tashabbuslar uning saylovda munosib ishtirok etishini ta’minlaydi hamda boshqa partiyalar bilan raqobatga tayyor ekanligidan dalolat beradi.