Biznesda qog‘ozbozlik yanada qisqartiriladi
Yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi. Tadbirkor 5 ta xizmatni ro‘yxatdan o‘tish paytidayoq oladi va avval 1 hafta vaqt ketgan ishlar endi 15 daqiqada bitadi. 32 toifadagi mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikati bekor qilinib, majburiy sertifikatlanadigan tovarlar ro‘yxati 288 taga kamayadi.
Tadbirkorlar kunida tadbirkorlar bilan uchrashgan Prezidentimiz byurokratiyani qisqartirishga oid yangiliklarni ham e’lon qildi.
So‘nggi yillarda aholi va tadbirkorlardan 120 turdagi hujjatlarni talab qilish bekor qilindi, yana shuncha litsenziya raqamlashdi. Birgina o‘tgan yili 16 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilingani natijasida tadbirkorlarning 350 milliard so‘mlik xarajatlari tejaldi.
Endi, 2026 yildan yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi. Xususan, auditorlik tashkilotlari, turizm sohasidagi hunarmandlar, turistik axborot markazlari, transport texnik ko‘rigini amalga oshiradigan tadbirkorlar xabardor qilish tartibiga o‘tkaziladi.
Hozirda litsenziya, ruxsatnoma va xabardor qilish tartibi buzilganda, korxonaga ham, uning rahbariga ham jarima qo‘llanmoqda. Endi bunday holatlar uchun faqat korxona jarima to‘laydi, mansabdor shaxsning javobgarligini esa boshqaruv organi mustaqil hal qiladi.
Bundan tashqari, 2026 yildan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.
Bunda, tadbirkorni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining o‘zida:
- elektron raqamli imzo beriladi;
- bankda hisobraqam ochiladi;
- xohishiga ko‘ra ijara shartnomasi rasmiylashtiriladi;
- kassa apparati soliq organida ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
- shu yo‘nalishga mas’ul davlat organlariga xabarnoma jo‘natiladi.
Natijada bu jarayonlar uchun talab etiladigan muddat hozirgi 1 haftadan 15 daqiqaga qisqaradi.