Bosh Qomusimiz – tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning mustahkam huquqiy poydevoridir
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan Bosh qomusimizning 33 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya – farovon kelajak yo‘lidagi ishonchli himoya” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda fraksiya a’zolari, qonunchilik sohasidagi ekspertlar, partiyaning joylardagi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning markazida, eng avvalo, inson manfaatlari, uning huquq va erkinliklari turadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya jamiyatning barcha sohalarida modernizatsiya jarayonlariga huquqiy asos yaratib, ayniqsa tadbirkorlik, fermerlik va xususiy sektor rivoji uchun muhim kafolatlar belgilab berdi. Davra suhbatida bu normalarning mazmun-mohiyati atroflicha tahlil etildi.
Fraksiya a’zolari o‘z ma’ruzalarida Konstitutsiyaning 67-moddasi — “iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi” degan yangi norma tadbirkorlar manfaatidagi eng muhim huquqiy kafolatlardan biri ekanini alohida qayd etishdi. Bu norma respublika bo‘ylab yagona, ochiq va to‘siqlarsiz iqtisodiy makonni shakllantirishi, mahalliy hokimliklar yoki alohida idoralar tomonidan asossiz cheklovlar qo‘yilishiga qat’iy barham berishini ta’kidlashdi.
Tadbirda so‘z olgan deputatlar fikriga ko‘ra, ushbu norma amaliy hayotda tadbirkor va fermerlar uchun mahsulot, xomashyo va xizmatlarni butun respublika bo‘ylab erkin harakatlantirish imkonini yaratadi. Moliyaviy mablag‘larning hududlar bo‘ylab erkin aylanishi esa investisiya muhitini yaxshilab, yangi loyihalarni amalga oshirishga kuchli turtki berishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, fraksiya a’zolari yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xususiy mulk daxlsizligiga oid normalarning yanada mustahkamlangani, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori orqali amalga oshirilishi biznes uchun muhim huquqiy kafolat ekanini ta’kidlab o‘tishdi. Davlat va mahalliy hokimiyat organlarining tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi, har bir mulkdor o‘z huquqlarining mustahkam himoya qilinganiga ishonchi ortishi — bozor iqtisodiyotini chuqurroq rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir davomida deputatlar “Inson — jamiyat — davlat” va “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyillarining Bosh Qomusimizda mustahkamlangani xususiy sektor vakillari uchun yanada ochiq, barqaror va shaffof iqtisodiy muhitni ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidlab o‘tishdi. Inson qadrini yuksaltirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishi ekanini qayd etdilar. Konstitutsiyadagi normalar va ularning amaliyotga tatbiq etilishi O‘zLiDeP elektorati — tadbirkorlar, fermerlar, ishbilarmonlar manfaatlariga to‘la mos keladi. Huquqiy kafolatlar kuchayishi, biznes muhitining yaxshilanishi, yangi imkoniyatlar ochilishi xususiy sektorni iqtisodiyotimizning yetakchi kuchiga aylanib borayotgani ta’kidlashdi.
Davra suhbati yakunida yangilangan Bosh qomusimizda belgilangan normalarning to‘liq va samarali ijro etilishi, ularning joylardagi tadbirkorlik muhitiga ta’sirini muntazam o‘rganib borish, fraksiyaning qonun tashabbuslari orqali xususiy sektor manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi vazifalar belgilab olindi.