Shanba 21-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Budjet xarajatlarini kamaytirish tarafdorimiz!

30.09.2024
375

Davlat budjeti mablag‘larini to‘g‘ri taqsimlash va maqsadli yo‘naltirish muhim ahamiyatga ega. Chunki bu soliq to‘lovchilar mablag‘ini tejash bilan birga uni ishlatishda ijtimoiy tenglik tamoyillariga ustuvorlik berishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash kerak, ayrim holatlarda davlat xizmatchilari, ayniqsa, katta-kichik amaldorlarning budjet hisobidan amalga oshiradigan xaridlari fuqarolar e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli, O‘zLiDeP davlat xizmatchilarining budjet hisobidan yuqori narxdagi narsalardan foydalanishini cheklash, qimmatbaho avtomobillar va telefonlarni davlat hisobidan sotib olishni tartibga solish tashabbusini ilgari surmoqda.

Har qanday jarayon normativ hujjatlar bilan tartibga solingandagina naf keltiradi. Aks holda so‘zligicha qolib ketaveradi. Partiyamizning bu borada ilgari surayotgan tashabbusi ayni muammoga huquqiy yechim hisoblanadi. Ya’ni, biz qaysi tashkilot qanday avtomobil yoki boshqa texnikalarni qancha miqdorgacha xarid qilishi mumkinligi, bunda shaffoflik va xolislik birinchi o‘ringa qo‘yilishi bilan bog‘liq mulohazalarni qonuniy me’yorga aylantirishga intilamiz. Shuningdek, turli darajadagi rahbarlarga qimmatbaho telefonlar yoxud AKTdan foydalanishni yanada qulaylashtiradigan aksessuarlarni davlat budjeti mablag‘i hisobidan sotib olish cheklanishi ham muhim ahamiyatga ega.

Xorijiy tajribani tahlil qiladigan bo‘lsak, qator mamlakatlarda davlat xizmatchilari uchun qimmatbaho narsalardan foydalanish taqiqlanganini ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, Osiyo yo‘lbarsi deya ta’riflanadigan Singapurda, Yevropa Ittifoqida ulkan mavqeni egallagan Germaniyada davlat xizmatchilari uchun qat’iy budjet limitlari joriy etilgan. Ularda budjet mablag‘lari faqatgina eng zarur, ya’ni kechiktirib bo‘lmas ehtiyojlar uchungina sarflanadi. Amaldagi qoidani buzgan mutasaddilar qattiq jazolanadi.

Aslida rivojlangan mamlakatlarda moliyaviy resurslardan foydalanishga mas’ullar belgilangan tartibni buzsa jazo muqarrarligini bilgani uchungina emas, balki qonunga xilof harakat qilish mumkin emasligini ma’nan anglab yetgani tufayli ham to‘g‘ri ishlaydi. Buni yuksak madaniyat sifatida qadrlaydi.

O‘zLiDeP taklif etayotgan tashabbus pirovardida amaldorlarda ana shunday madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda ijtimoiy barqarorlik kuchayishiga kuchli turtki beradi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?