Buxoroda qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirishga qaratilgan amaliy o‘rganishlar olib borilmoqda
O'zLiDeP hamda O‘zbekiston Fermerlar Kengashi tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda tizimli o‘rganishlar olib borilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida bo‘lib, joylarda fermerlar faoliyati, agrotexnik tadbirlarning borishi hamda hosildorlikni oshirish masalalarini o‘rganmoqda. Bu kabi amaliy tadbirlar sohadagi mavjud muammolarni joyida hal etishga xizmat qiladi.
Peshku tumanidagi “Buxoro servis agroklaster” MCHJda o‘tkazilgan amaliy seminarda mahalliy Kengash deputatlari, partiya mas’ullari hamda ilg‘or fermerlar ishtirok etib, Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida qishloq xo‘jaligi sohasiga oid belgilangan vazifalar mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.
Tadbirda qayd etilganidek, Murojaatnomada qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, fermerlarni moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab berilgan. Ayniqsa, intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llash, suv tejovchi usullarni joriy etish va birja mexanizmlari orqali mahsulot sotish imkoniyatlarini kengaytirish sohada yangi vazifalarni kun tartibiga chiqarmoqda.
Seminar davomida Buxoro viloyatining qator tumanlarida g‘alla maydonlarida ekinlar rivoji pastligi aniqlangani ta’kidlanib, bu holatni bartaraf etish uchun qo‘shimcha oziqlantirish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Shu munosabat bilan partiya, mahalliy Kengashlar hamda O‘zbekiston Fermerlar Kengashi hamkorligida amaliy seminarlar, o‘quv mashg‘ulotlari va yangi loyihalar tashkil etilayotgani alohida e’tiborga olindi.
Tadbir yakunida fermerlar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli maslahatlar berildi. Qayd etilganidek, bunday hamkorlikdagi tadbirlar fermerlarning bilim va tajribasini oshirish, Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda 2026 yil g‘alla hosilidan yuqori daromad olishga xizmat qiladi.