Fraksiya a’zolari: zararlardan sug‘urta qilish tizimi kuchayishi kerak
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Deputatlar dastlab “Yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildilar.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida fraksiya a’zolari tomonidan berilgan aksariyat takliflar e’tiborga olingani va loyiha matnida aks etganligini qayd etib, uni ma’qulladilar.
Yig‘ilishda “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ushbu qonun loyihasi bilan qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilarini turli xil tabiiy ofatlar va boshqa xatarlardan ko‘riladigan zararlardan sug‘urtalash orqali himoya qilish, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini belgilash, qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarini sug‘urtalash jarayonida ishtirok etuvchi subyektlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari hisoblangan sug‘urta kompaniyalarining zarar ko‘rishini oldini olish hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararlarni to‘lanishini ta’minlash maqsadida Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash jamg‘armasini tashkil etish, qishloq xo‘jaligida sug‘urta tizimini to‘liq raqamlashtirish, xatarlarni qayta sug‘urtalash hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini sug‘urtalashga keng jalb qilish va ularning moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tartibi nazarda tutilyapti.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zosi Abdumannop Buriyev, Firdavs Qurbonov va boshqalar qonun loyihasi yuzasidan partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, loyihani yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Ayrim normalar yuzasidan bir qator savollar ko‘tarilib, qonun tashabbuskorlaridan izoh so‘raldi.
Ular deputatlar tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil tushuntirishlar berib, bildirilgan takliflar qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida e’tiborga olinishini qayd etdilar. Qonun tashabbuskorlarining aytishicha, ushbu loyihaning qabul qilinishi bilan mamlakatda hosilni sug‘urtalash tizimi joriy etilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga qulay shart-sharoitlarni yaratishga imkon beradigan sug‘urta majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinadi.
Fraksiya a’zolari ushbu hujjat qishloq xo‘jaligi ekinlariga xavf-xatarlar tufayli yetkazilgan zararni o‘rnini qoplash hamda qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasini amalga oshirishning huquqiy asosi yaratilishini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladilar.
Yig‘ilishda fraksiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan ma’qullandi.