Dushanba 10-Mart 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bildirgan fikrlari asosida O‘zLiDePning ustuvor vazifalari belgilab olindi

06.03.2025
190

Bugun O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiya fraksiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish maqsadida Ekspert komissiyasi tuzilishini e’lon qilgani va ilg‘or tajriba asosida davlat xaridlarida tovarlarning o‘rtacha bozor narxlari ko‘rinib turadigan elektron platforma yaratilishi, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha bozor narxidan ko‘pi bilan 20 foizdan oshmasligining shart qilib belgilanayotgani davlat xaridlari sohasida shaffoflikni ta’minlashi ta’kidlab o‘tildi.  Shuningdek, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablar ham kuchaytirilishi belgilandi. Davlat idoralarining xaridlarida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan transport va mebelga ustuvorlik berish zarurligi qayd etildi. Yirik loyihalarni yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi standartlardan kelib chiqib baholash talabi qo‘yildi.

Qo‘shma yig‘ilishda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining Parlament va hukumat a’zolari, jamoatchilik vakillari bilan muloqoti korrupsiyaga qarshi kurashishda qat’iy siyosiy irodani namoyish etdi. Davlatimiz rahbari 55 ta aniq maqsadga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surdi. Ular doirasida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qarorlar ishlab chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda Parlament, Milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshiriladi. Prezidentimizning Parlamentda korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul qo‘mitalar mahallagacha tushib, har bir jinoyatning kelib chiqish sabab va omillarini aniqlab, tuman, viloyat prokurorlari va ichki ishlar boshliqlarini oldiga aniq vazifalarni qo‘yishi kerakligi haqida bildirgan fikrlari partiyamizning saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarga ham uyg‘un va hamohang. Zotan partiyamiz ham kelgusi besh yillikda parlament va mahalliy kengashlar xalqning chinakam ovoziga aylantirishni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi. Partiyamiz dasturidagi ana shu maqsadga hamohang tarzda davlatimiz rahbari Bosh prokuror va ichki ishlar vaziri har chorakda Milliy kengash oldida, viloyat, tuman prokurorlari va ichki ishlar boshliqlari esa har oyda hududiy kengashlarda hisobot berishi va jamoatchilikka murojaat bilan chiqishi kerakligini qayd etdi.

Yig‘ilish ishtirokchilari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi har bir sohada korrupsiyaga barham berish bo‘yicha takliflar berib borishi korrupsiyaga qarshi kurashish natijadorligini yanada oshirishiga ishonch bildirishdi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning Milliy Kengash yig‘ilishida bildirgan takliflari korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘qotishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, partiyamizning huquqni muhofaza qiluvchi organlarni haqiqiy ma’nodagi adolat qo‘rg‘oniga aylantirish borasidagi vazifalari ijrosiga ham xizmat qiladi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?