Dehqonchilikni mirishkorlik To‘raqul bobodan o‘rganing!
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh Mirishkor tumanidagi "Mirishkor" MFY Yoshlik ko‘chasi 39-xonadonda yashovchi To‘raqul bobo Nusratovning tomorqachilik tajribasini o‘rganishdi.
Saksonga yaqinlashib qolgan otaxon yer bilan tillashish bobida ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lib kelayapti. Xonadonda bo‘sh turgan odamni ko‘rmaysiz. Ular tomorqachilik va chorvachilik bilan shug‘ullanishadi. Yig‘in hududida 715 ta oila bo‘lib, 2718 yil nafar aholi istiqomat qiladi. Ayniqsa, sarimsoq piyoz yetishtirishda ularga teng keladigani yo‘q. 10 sotix maydondan yiliga 3 marotaba hosil olib, 60-70 million so‘m daromad qilishadi. Dastlab sarimsoq piyoz, so‘ng kartoshka, oxirida esa makkajo‘xori ekishadi. Chesnok va makka donini eksportga chiqarishyapti.
- Bizni oqova suv muammosi qiynab kelayapti, - deydi To‘raqul bobo. – Yerlarimiz nihoyatda sho‘r, bu ham yetmaganday yer osti suvlarimiz ham ichish uchun yaroqsiz. Ammo ekinlarni sug‘orsa bo‘ladi. Odamlarimiz nihoyatda mehnatsevar, erta bahordan qora qishgacha tomorqadan beri kelishmaydi. Lotoklar o‘rnatilayapti. Xudo xohlasa, oqova suvlar ham kelib qolar. Ko‘pchilikda chorva bor. Shu bois qishlog‘imizda sut mahsulotlari va go‘sht boshqa joylarga nisbatan ancha arzon.
MFY raisi Hilola Ahmedova doimo odamlar orasida. Mahallamiz tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligi va farovonligini yanada yaxshilash yo‘lida sira tinim bilmaydi. Aholi soni kam bo‘lganligi bois open byudjetdan yuta olmayapmiz. MFY hududidagi qishloqlar yo‘llari butunlay yaroqsiz bo‘lib qolgan. Qaniydi, deputatlarimiz bu borada bizga yordam bersalar, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.
Ushbu ko‘tarilgan muammolar deputat nazoratiga olindi, hal etish choralari ko‘riladigan bo‘ldi.