Yakshanba 27-Iyul 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Dolzarb masala yuzasidan axborot berilishi qo‘llab-quvvatlandi

22.07.2025
50

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining “Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Deputatlar mazkur qaror nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga, balki partiya saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalar ro‘yobiga ham xizmat qilishini ta’kidladilar.

Fraksiya yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilinishi barobarida, Markaziy bank raisiga parlament so‘rovini yuborish masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi.

“Banklarni transformatsiyalash jarayonini tezlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi mazkur so‘rovda davlat ulushi mavjud bo‘lgan tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish, ularning qimmatli qog‘ozlarini “IPO”ga chiqarish, bank ishining zamonaviy standartlarini, axborot texnologiyalarni va dasturiy mahsulotlarni joriy etish, sohaga tajribali xorijiy mutaxassislarni jalb etish kabi masalalar bo‘yicha ro‘yobga chiqarilayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida ma’lumot berish so‘ralgan.

Deputatlar masalaning dolzarbligiga e’tibor qaratib, bank tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlarni keng joriy qilish, moliyaviy xizmatlar ommabopligini va sifatini oshirish, axborot texnologiyalarini bank tizimiga keng joriy etish, axborot xavfsizligini lozim darajada ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ham hisobot taqdim etilishi muhimligini qayd etdilar.

Tijorat banklari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga imtiyozli kredit ajratishda korrupsiya omillarini bartaraf etish, shu jumladan, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda inson omilini cheklash, bu borada raqamlashtirish jarayonini jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ham axborot berilishini qo‘llab-quvvatladilar.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?