Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi: “Mehnat va imkoniyat” davra suhbati Namanganda o‘tkazildi
O'zLiDeP Namangan shahar Kengashi tomonidan “Migratsiya va bandlik masalalari”, “Mehnat va imkoniyat” loyihasi doirasida yoshlar bilan ochiq muloqot shaklida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Namangan shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi rahbari o‘rinbosari Anvar Rahmonov mehnat migratsiyasi va yoshlar bandligi bo‘yicha dolzarb masalalarni oddiy va tushunarli tarzda yoritib berdi.
Uning ta’kidlashicha, mehnat migratsiyasiga ketish mumkin, ammo bu jarayon faqat qonuniy yo‘l bilan amalga oshirilishi lozim. Shu maqsadda davlat tomonidan chet tillari va kasb-hunar kurslari tashkil etilmoqda hamda xorijiy kompaniyalar bilan rasmiy shartnomalar imzolanmoqda. Bu yoshlarni turli xavf va aldamchilik holatlaridan himoya qilishga xizmat qiladi.
Suhbat davomida eng muhim jihat sifatida yoshlarni chet elga chiqishga emas, balki O‘zbekistonning o‘zida munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasiga e’tibor qaratildi.
Tadbirda ishtirok etgan yoshlar ham o‘z fikr va takliflarini bildirishdi, mehnat bozorida duch kelayotgan muammolar haqida so‘z yuritishdi. Uchrashuv yakunida yoshlarning xavfsizligi hamda ularni mamlakat ichida munosib ish o‘rni va imkoniyatlar bilan ta’minlash asosiy maqsad ekani ta’kidlandi.