Farg‘onalik ishbilarmon ayol AQSH bilan yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha hamkorlik boshladi
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida O’zLiDeP ning istiqbolli loyihalaridan biri “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining Farg‘ona viloyati hududiy respublika bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan ishbilarmon xotin-qizlar o‘z mahsulot va xizmatlari namoyishini keng jamoatchilikka taqdim etdilar.
Tantanali marosimda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining jamoatchilik bilan aloqalar va axborot siyosati bo‘yicha o‘rinbosari v.b. Jamoliddin Meliboyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Ibragimova, O’zLiDeP Farg‘ona viloyat Kengashi raisi Raxmatillo Kamolov, viloyat Kengashi deputatlari hamda qator hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Bu yilgi tanlovda 20 nafar ishbilarmon ayol o‘z mahsulotlarini taqdim etdi. Hakamlar hay’ati ishtirokchilar faoliyatini yaratilgan ishchi o‘rinlari, mahsulot sifati, bozordagi talabdorligi va eksport salohiyati asosida baholadilar. Ayniqsa, mahalliy iqtisodiyot rivoji va xotin-qizlar bandligini ta’minlashdagi tashabbuslar yuqori baholandi.
Hakamlar xulosasiga ko‘ra, 1-o‘rin — Farg‘ona shahridagi “Ishonch a’lo poyabzal” MCHJ rahbari Qodirova Nigora, 2-o‘rin — Marg‘ilon shahridagi “Jahon ichra” oilaviy korxonasi rahbari Sulaymonova Shahnoza, 3-o‘rin — Buvayda tumanidagi “Ayollar va bolalar kiyimlari tikuv syexi” rahbari Karimova Dildora qo‘lga kiritdi.
— 2016 yildan beri chevarchilik bilan shug‘ullanib kelaman. Shu vaqtgacha mingdan ortiq shogird tayyorladim. Bugungi kunda faoliyatim kengayib, charm poyabzal hamda tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Kam ta’minlangan 20 nafar ayolga tikuv mashinasi xarid qilib berib, ularni ish bilan ta’minladim. Shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish va tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik shartnomalarini imzoladik.
Gʻoliblar diplom, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Shuningdek, nominatsiyalar bo‘yicha peshqadam tadbirkor ayollar ham alohida e’tirof etildi.