Forishlik tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yanada kengaymoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Jizzax viloyatining Forish tumanida bo‘lib, kambag‘allikni qisqartirish va agrar sohadagi mavsumiy ishlarning borishini o‘rgandi.
Ishchi guruh a’zolari bir qator MFY va aholi xonadonlariga bordilar, tumandagi ixtisoslashtirilgan maktab, qator tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishdi.
Tumanda mahallalarda tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati o‘rganildi.
Shuningdek, mamlakatimizda odamlarga qulaylik yaratish, ularning turmush farovonligini yuksaltirish, real daromadlarini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlikni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi qabul qilingan qonunlar mohiyati keng jamoatchilikka yetkazildi.
Mahallalarda va xonadonlarda aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlarda fuqarolar “mahalla yettiligi” faoliyati yo‘lga qo‘yilganligidan mamnun ekanliklari, ular aholi muammolarini tezkor va samarali hal etish imkonini berayotganini bildirdilar.
Aholi vakillari bilan samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida mahalla faollari, yoshlar, biznes vakillari o‘zlarini o‘ylantirib kelayotgan 10 dan ortiq masalalarni o‘rtaga tashlashdi. Aksariyat masalalar fraksiya rahbari tashabbusi bilan joyida bartaraf etildi, vaqt talab qiladiganlari esa nazoratga olindi.
So‘nggi yillarda tumanda barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash sohasida ham katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Ayni paytda hududda 223 o‘rinli 1 ta markaziy shifoxona, 12 ta shifokorlik punkti, 1 ta oilaviy poliklinika, 2 ta filial va 5 ta yangi tashkil topgan tibbiyot punktlari aholi xizmatiga shay.
Mazkur uchrashuvlar davomida A.Xaitov tumandagi qator tibbiyot muassasalari faoliyati, ularda bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. O‘rganishlar davomida “Uchma” MFY aholisi tibbiyot muassasasiga 30 kilometr yo‘l bosib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Fuqarolar “Uchma” va “Oq tosh” MFY aholisi uchun yangi oilaviy shifoxona tashkil etish lozimligini bildirdi. Ushbu masala nazoratga olinib, tegishli vazirliklar birgalikda hal etish choralarini ko‘rish belgilab olindi.
Ishchi guruh a’zolarining navbatdagi manzili — “Basalt Uzbekistan” klasteri bo‘ldi. Bu yerda ular ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Hudud iqtisodiyotida yetakchi o‘rin tutuvchi ushbu korxonada 1300 nafar kishi mehnat qilmoqda.
A.Xaitov klaster faoliyati bilan yaqindan tanishib, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, biznes vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, korxona faoliyatini yanada kengaytirish, mahsulotlar turini ko‘paytirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari A.Xaitovning uchrashuvlari davom etmoqda.