Asosiy kontentga o‘tish
Juma 23-oktyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Har bir bola farovonligi — umumiy mas’uliyat

23.10.2026
34

Samarqand shahrida ko‘tarinki ruhda o‘tgan “Bolalar farovonligiga investisiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammiti nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro hamjamiyat hayotida ham muhim voqeadir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sammit ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida bolalar farovonligini ta’minlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, har bir bola uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Bolalarning sifatli ta’lim olishi, sog‘lom o‘sishi, xavfsiz muhitda kamol topishi va o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Sammitning yana bir muhim ahamiyati shundaki, unda bolalar farovonligi faqat ijtimoiy siyosatning alohida yo‘nalishi sifatida emas, balki jamiyatning barqaror taraqqiyoti, inson kapitalini rivojlantirish va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat bilan chambarchas bog‘liq masala sifatida qaraldi. Bolaning sog‘lom o‘sishi, sifatli ta’lim olishi, xavfsiz muhitda yashashi va o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun bugun yaratilgan imkoniyatlar ertangi jamiyatning intellektual, ma’naviy va iqtisodiy taraqqiyotini belgilaydi.

Tadbirning ochilish marosimi va yalpi sessiyalarida bolalar farovonligiga keng ko‘lamli investisiyalar kiritish, bolalar manfaatlarini hisobga oluvchi yangi avlod ijtimoiy himoya tizimlarini shakllantirish hamda bolalarni zo‘ravonlik va boshqa xavf-xatarlardan himoya qilishning integratsiyalashgan mexanizmlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ayniqsa, ijtimoiy himoya tizimlarini bolalar ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalar va bolalarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlarning manzilliligi va samaradorligini oshirish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu borada davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimdir.

Sammitning yana bir muhim yo‘nalishi — bolalar salomatligini muhofaza qilishdir. Unda bolalar uchun sifatli va barqaror sog‘liqni saqlash tizimlariga investisiya kiritish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va inson hayotining barcha bosqichlarida salomatlikni ta’minlash masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, Samarqandda II Xalqaro bolalar onkologiyasi kongressining o‘tkazilgani bolalar onkologik kasalliklarining oldini olish, ularni erta aniqlash va davolash sohasidagi xalqaro tajriba almashinuvi uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Yakuniy yalpi sessiyada Bolalar farovonligiga investisiyalar to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasini qabul qilingani anjumanning eng muhim siyosiy va amaliy natijalaridan biri bo‘ldi. Mazkur hujjat bolalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarni umumiy maqsadlar atrofida birlashtirish, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va ustuvor vazifalarni belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Har qanday xalqaro tashabbusning haqiqiy qiymati uning amaliyotda qanday natija berishi bilan o‘lchanadi. Shu bois deklaratsiyada ilgari suriladigan tamoyil va maqsadlarni milliy qonunchilik va amaliy chora-tadbirlar bilan uyg‘unlashtirish, ularning ijrosini baholash imkonini beradigan mexanizmlarni rivojlantirish muhimdir.
Bu jarayonda parlament zimmasiga bolalar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilikni takomillashtirish, bolalar farovonligi uchun ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalaridagi davlat dasturlari ijrosini ta’minlashdek muhim vazifalar yuklanadi. Shuningdek, har bir bola uchun teng imkoniyatlar yaratish va ularning manfaatlarini qarorlar qabul qilish jarayonida ustuvor hisobga olish deputatlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lishi lozim.

Jahon sammiti va Samarqand deklaratsiyasining qabul qilingani bolalar farovonligini ta’minlash borasidagi umumiy maqsadlarimizni amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va amaliy yechimlarni ilgari surishga xizmat qilishiga ishonchim komil.



 
Sevara UBAYDULLAYeVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?