Har bir tashabbus xalqimiz turmushini yaxshilashga xizmat qiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Prezidentimiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan takliflar haqida so‘z yuritildi.
Deputatlar davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan har bir tashabbus xalqimizning turmush sifatini yaxshilash, mahallalarni obod va farovon hududlarga aylantirish, inson manfaatlarini himoya qilish, ularning daromadlarini oshirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga egaligini qayd etdilar.
—Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun yirik hajmda kreditlar ajratilishi mahallalarda yangi ish o‘rinlari yaratishga kuchli turtki beradi, — dedi fraksiya a’zosi Sevara Ubaydullayeva.— Biz davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki partiyamiz chekka hududlarni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etishni o‘zining ustuvor maqsadlaridan biri, deb biladi. Shundan kelib chiqib, belgilangan vazifalarning ijro etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatishimiz lozim bo‘ladi.
Yig‘ilishda yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqariga olib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi bilan qimmatbaho metallardan yasalgan yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining xulosasini olish nazarda tutilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani, jumladan, fraksiya a’zolari takliflari asosida loyiha matni yanada takomillashtirilganini qayd etdilar.
Shuningdek, qonun loyihasining qabul qilinishi mahalliy zargarlik sanoatini rivojlantirish hamda qonuniy faoliyat olib borayotgan mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni ma’qulladilar.
Fraksiya yig‘ilishida boshqa bir qator qonun loyihalari ham ko‘rib chiqilib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.