Payshanba 31-Oktyabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Ilm-fanga yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori ko‘paytiriladi

25.09.2024
188

Har qanday davlatning taraqqiy etishi ilm-fanning rivojlanishiga bog‘liq. Shu sababli, ilm-fanni rivojlantirish, ilm olishga bo‘lgan intilishni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Mazkur masalalar yechimida ta’lim tizimini moliyalashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, mamlakatimizda ilm-fanni moliyalashtirishning asosiy manbasi budjet mablag‘lari hisoblanadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga jami 824,7 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lsada, ulardan 67% davlat budjeti va budjetdan tashqari jamg‘armalar, qolgan 33% tashkilotlarning ichki mablag‘lari, buyurtmachi va xorijiy mablag‘lar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga ajratilgan mablag‘larning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi tahliliga ko‘ra O’zbekistonda ushbu ko‘rsatkich 0,14% ni, Gruziyada 0,3% ni, AQShda 2,8% ni, Germaniyada 3,1% ni, Yaponiyada 3,3% ni, Janubiy Koreyada esa 4,5% ni tashkil etgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yetakchi olimlar, iste’dodli yosh ilmiy xodimlarning faoliyati va ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ilm-fan namoyandalarining obro‘-e’tibori va nufuzini oshirishga qaratilgan islohotlar natijasida soha vakillarining ish haqi hamda doktorantlarning stipendiyasi 3 barobar, akademiklarning gonorari 2 martadan ziyod oshirilgani, ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlarning maoshiga 60 foizgacha ustama haq to‘lash tizimi joriy etilgani buni tasdiqlaydi.

Ushbu islohotlarni davom ettirish, ilm-fanga rag‘batni yanada oshirish maqsadida O’zLiDeP o‘z saylovoldi dasturida ilm-fanga yo‘naltirilgan mablag‘larning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2030 yilgacha 10 barobar oshirish tashabbusini ilgari surmoqda. O’zbekiston uchun ilm-fan taraqqiyoti farovonlik va barqarorlik yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Shu jihatdan, partiyamizning ushbu tashabbusi dolzarb ahamiyatga ega.

Partiyamiz tashabbusining amalga oshirilishi ilm-fanning yanada ravnaq topishiga, sohada faoliyat yurituvchi insonlarning tashabbuskorligini oshirishga hamda mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatorida e’tirof etilishiga zamin yaratadi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?