Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 21-Oktyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasidan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlar takomillashtirilmoqda

23.09.2025
222

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasidan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda yerga oid munosabatlarda tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi subyektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari, fermer, dehqon xo‘jaliklarining o‘z tovarlari (ishlari, xizmatlari) narxini erkin belgilashni, ularning faoliyatiga ayrim mahalliy ijro hokimiyati organlari tomonidan aralashishning oldini olish bo‘yicha qonunchilikdagi normalarni mustahkamlash zarurati yuzaga kelyapti.

Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda tovarlar (ishlar, xizmatlar) va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishiga va (yoki) realizatsiya qilinishiga aralashganlik yoxud to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanyapti.

Yer kodeksi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijarachisi ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha o‘ziga ijaraga berilgan ikki yoki undan ortiq yer uchastkalaridan biri yoki bir nechtasi bo‘yicha o‘z huquqlari va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishi (qisman qayta ijaraga berishi) nazarda tutilyapti.

Shu bilan birga, fermer xo‘jaligi boshlig‘i tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydigan ishga qabul qilingan taqdirda fermer xo‘jaligini o‘z oila a’zolaridan biriga berishi mumkinligi taklif etilmoqda.

Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, mahsulotlar yetishtiruvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning moliyaviy imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan.

Qonun loyihasining muhokamasi davom etmoqda.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?