Inson fikriga raqobatchi: Sun’iy intellekt hayotimizga qanday singib bormoqda?
Ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal taraqqiy etib borayotgan bugungi sharoitda davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, sanoat, qo‘yingki barcha sohalarda zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish urfga kirmoqda.
Sun’iy intellekt bugun turli yo‘nalishlarda inson og‘irini yengil qilayotgan bo‘lsa, ilg‘or mamlakatlar undan millionlab, milliardlab dollar daromad ko‘rmoqda. Mamlakatimizda ham axborotlashtirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali 2030 yilga qadar innovasion taraqqiy etgan yetakchi davlatlar qatoridan o‘rin egallash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Sun’iy intellekt texnologiyalari nafaqat ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga kirib bormoqda, balki soha va tarmoqlarning samarali faoliyati uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. U muayyan vazifalarni bajarishda inson xatti-harakatiga taqlid qilishga qodir bo‘lgan tizim yoki texnologiya bo‘lib, ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish kabilarni o‘z ichiga oladi.
To‘g‘ri, sun’iy intellekt texnologiyalari odamlar bajaradigan vazifalarni avtomatlashtirish orqali samaradorlikni oshirishga yordam beradi, lekin endilikda uning qamrovi yanada kengaymoqda. Hozirda sun’iy intellekt bilan odamlarning xarakterini, qobiliyatlarini, xodimning ishga bo‘lgan qarashlarini ham aniqlab olish mumkin.
Texnologiyalar misli ko‘rilmagan sur’atda rivojlanib, SI kundalik jarayonlarga tobora chuqurroq singib bormoqda: mijozlarga xizmat ko‘rsatishdan tortib boshqaruv qarorlarini qabul qilishgacha. Yurtimizda ham sun’iy intellektni joriy etishni yanada jadallashtirish, ilg‘or tajribani amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilayotir.
Xususan, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilinib, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etildi. Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt loyihalarini joriy etish maqsadida 50 million dollar mablag‘ ajratilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohani rivojlantirishning istiqbollari belgilab berildi.
Tahliliy ma’lumotlar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish hamda uni moliyalashtirish hajmi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda. Yil boshida 2030 yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sun’iy intellekt hajmi 15 trillion dollarga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirgi tahlillar bu raqam 20 trillion dollardan ortishini ko‘rsatmoqda.
Sun’iy intellekt sohasini barqaror rivojlantirish uchun kadrlar tayyorlash muhim ahamiyatga ega. Jahon iqtisodiyotidagi tendensiyalar shuni ko‘rsatmoqdaki, kelgusi 5–10 yil ichida SI bilan bog‘liq mutaxassisliklar eng talab yuqori bo‘lgan sohalar qatorida bo‘ladi. Sohada kadrlar tayyorlashni eng avvalo, maktablardan boshlash kerak, deb o‘ylayman. Yig‘ilishda ushbu masalaga alohida urg‘u berilib, keyingi o‘quv yilidan “Informatika” fani o‘quv dasturlariga sun’iy intellektga oid mavzular kiritilishi, oliygohlarda esa sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etilishi aytildi.
Umuman olganda, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasida strategik ahamiyat kasb etadi. Bu nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki jamiyatning intellektual salohiyatini rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan yig‘ilishda belgilab berilgan dolzarb vazifalar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatishimiz, sohaga doir qonunchilikni takomillashtirishimiz lozim bo‘ladi.