Yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik — Termizda o‘tgan davra suhbatining bosh mavzusiga aylandi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat kengashi Termiz shahar 2-son texnikumida “Yangi O‘zbekiston yoshlari: imkoniyat, islohot va natija” shiori ostida davra suhbati tashkil etdi. “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tashkil etilgan tadbirda senator Dilbar Suvonova, partiya viloyat kengashi raisi Alisher Ro‘ziyev va boshqalar ishtirok etib, mamlakatimiz yoshlariga yaratilayotgan imkoniyatlar ahamiyati haqida so‘z yuritishdi.
Tadbirda O'zLiDePning “Xalq bilan birga” dasturi mazmun-mohiyati, aholi bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, joylardagi muammolarni tezkor hal etish, tadbirkorlar va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ayniqsa, ta’lim sohasidagi yangiliklar va imtiyozlar yigit-qizlarimizning kelajakda o‘z o‘rnini topishiga mustahkam zamin yaratayotgani ta’kidlandi.
Xususan, texnikum bitiruvchilari uchun oliy ta’limga kirishdagi yengilliklar, dual ta’lim tizimining joriy etilishi, grantlar va imtiyozli kreditlar orqali yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash ishlari yuqori baholandi. Bu imkoniyatlar yoshlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini uyg‘unlashtirib, ularning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, dastur doirasida ijtimoiy himoya tadbirlari, kasbga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, startap va innovasion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator amaliy ishlar rejalashtirilgani qayd etildi. Tadbir yakunida yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar siyosati samaradorligini yanada oshirish muhimligi alohida ta’kidlandi.