Inson qadri, erkinlik va adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etish yurt taraqqiyotining muhim omili
Davlatimiz mustaqilligi, xalqimiz erkinligi va adolatga asoslangan taraqqiyotning huquqiy poydevori hisoblangan Konstitutsiya insonning xalqaro umume’tirof etilgan asosiy huquq va majburiyatlarini o‘zida jamlagan va oliy yuridik maqomga ega hujjatdir. Baxtimiz qomusi yurtdoshlarimizga erkin yashash, o‘zini yurt himoyasida ekanligini his qilishlari uchun sharoit yaratadi. Shu kunga qadar qabul qilingan qonun, qaror, farmon, kodeks va boshqa normativ huquqiy hujjatlarning barchasi Konstitutsiyaga asoslanadi va uni to‘ldiradi.
Yangi O‘zbekistonimizda izchil davom etayotgan keng ko‘lamli, qamrovdor va shiddatli islohotlar natijalarini mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Bu muhim hujjat bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi. Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat’iy belgilab berilgani fikrimizning yaqqol tasdig‘idir. Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kunini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash bilan bog‘liq xayrli an’ana unda belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari atrofida fuqarolarni jipslashtirishga xizmat qilishini ta’kidlash o‘rinlidir. Bu borada davlat rahbarining Konstitutsiya kunini nishonlashga oid farmoyishlarni tasdiqlash amaliyotini alohida e’tirof etmoq lozim.
Viloyatimizda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga ko‘ra Bosh Qomusimizning o‘ttiz uch yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, fuqarolarni unda belgilangan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirish maqsadida “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
E’tibor etish kerakki, mazkur farmoyish mamlakatimiz hayotida ulkan siyosiy-huquqiy voqea — Konstitutsiyaning o‘ttiz uch yilligini yuksak saviyada nishonlashga qaratilgan muhim amaliy chora-tadbirlarni belgilab berishi bilan ahamiyatlidir. Aholining barcha qatlamlarini qamrab olgan holda ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqotlar, davra suhbatlari orqali Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglashga xizmat qilayotir. Mazkur bayram yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning inson qadrini yuksaltirish, erkinlik va tenglikni ta’minlash, ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan normalari xalqimizning kundalik hayotida yaratayotgan yengilliklarni namoyon etishga zamin yaratadi.
Konstitutsiyaga kiritilgan eng muhim o‘zgarishlardan biri — “davlat — jamiyat — shaxs” tartibining “inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga almashtirilganidir. Bu bejiz emas: endi barcha davlat siyosatining markazida inson turibdi. Yana bir muhim jihat — Bosh qomusimizning 1-moddasida O‘zbekiston ilk bor “suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” sifatida qat’iy belgilab qo‘yildi. Bu davlat siyosatining inson manfaatiga xizmat qilishini kafolatlaydi. Dunyo amaliyotida ijtimoiy davlat deganda, birinchi navbatda bepul yoki arzon ta’lim, yuqori sifatli tibbiy xizmat, kambag‘allikka qarshi kuchli himoya tizimi tushuniladi. Shuningdek, mehnat bozorida hukumat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari hamkorligiga asoslangan “uch tomonlama model”, inklyuziv jamiyat va tenglik prinsiplariga ustuvor e’tibor qaratilgan bo‘ladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlarga oid normalar deyarli uch barobarga ko‘paydi. Mehnat, ijtimoiy himoya, uy-joy, tibbiyot, ijtimoiy nafaqa va yordam kabi qator huquqlar aniq belgilab qo‘yildi. Nafaqa va ijtimoiy ta’minot olish huquqi kafolatlandi, kambag‘allikka qarshi samarali choralar ko‘rish davlat zimmasiga yuklatildi. Agar bu normalar amaliyotda to‘liq hayotga tatbiq etilsa, O‘zbekistonimiz ijtimoiy davlat sifatida o‘zini namoyon etishiga shubha yo‘q.
Muxtasar qilib aytganda, nurli istiqbolimiz mayog‘i sanalgan Konstitutsiyamizda mujassam qadriyatlarni yanada chuqurroq anglash, ularni hayotga tatbiq etish va yurtimizdagi huquqiy-demokratik jarayonlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Shuhrat ASLANOV,
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat
va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi