Yakshanba 08-Sentyabr 2024-yil
Sayt sinov rejimida
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi

17.07.2024
186

2024-yil 15-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining 11-12-iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifining ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tildi.

Tashrif doirasida Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatni sanoat hududiga aylantirish, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim, san’at, madaniyat sohalarini yanada rivojlantirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, turmush farovonligini oshirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Fraksiya a’zolari davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etishda yanada faollik ko‘rsatishlari maqsadga muvofiqligini qayd etib, bu bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldilar.

Yig‘ilishda, shuningdek, bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasining muhim jihatlaridan biri — maxsus iqtisodiy zonalar hududida faoliyat yuritish istagini bildirgan investorlarga qo‘shimcha qulayliklarni yaratish, ularning maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari va davlat tashkilotlari bilan hamkorlik jarayonlarini avtomatlashtirilishi sanaladi.

Qonun loyihasiga muvofiq, maxsus iqtisodiy zonalarning ma’muriy kengashlari tugatilib, ularning vazifalari maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalariga hamda yagona direksiyalarga yuklatilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Muhokamalarda fraksiya a’zolari qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Jumladan, deputat Botir Mardayev loyihaning zaruratiga to‘xtalib, mazkur hujjat maxsus iqtisodiy zonalarning bo‘sh turgan yerlaridan samarali foydalanishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda qonun loyihasining maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada soddalashtirish, investitsiyalar jalb qilish uchun sharoitlarni yaxshilash, shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish hamda aholi daromadlarini oshirishda muhim ahamiyatga egaligi inobatga olingan holda fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?