Shanba 21-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashining XVII majlisi bo‘lib o‘tdi

27.07.2024
842

Shu yil 27-iyulda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining XVII majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Siyosiy Kengash a’zolari, hududiy partiya tashkilotlari, mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari vakillari, partiya faollari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov boshlanishi e’lon qilingani to‘g‘risida so‘z yuritilib, mazkur siyosiy jarayonda partiyaning ishtiroki bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Mazkur saylov yangilangan Konstitutsiya kuchga kirganidan keyin ilk bora bo‘lib o‘tadigan o‘ta muhim siyosiy jarayondir. Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan muhim qoida – davlatning demokratik yo‘ldan taraqqiy etishini ta’minlovchi asosiy omil aynan saylovlar ekanligi, hokimiyatning yagona manbai bo‘lgan xalq o‘zining ushbu vakolatini aynan saylovlar orqali amalga oshiradi.

O‘zLiDeP saylovlarga ularning mamlakatimiz, xalqimiz kelajagi uchun muhim siyosiy ahamiyatidan kelib chiqib yondashmoqda.

Siyosiy Kengash a’zolari mas’uliyatni to‘la his qilgan holda, O‘zLiDePning bo‘lajak saylovda faol qatnashishi lozimligi to‘g‘risida bir ovozdan qaror qabul qilindi.

O‘zLiDeP yaqin kunlarda Markaziy saylov komissiyasiga Siyosiy Kengashning partiyaning saylovda ishtirok etishi to‘g‘risidagi qarorini o‘zida aks ettirgan murojaatnomasini topshiradi va saylovchilar imzolarini yig‘ishga kirishadi.

Shu asosda O‘zLiDeP 2024 yilgi parlament saylovlariga o‘zining mutlaqo yangi strategiyasi bilan kirib kelishi belgilandi. Saylovlarga tubdan yangicha yondashishni ko‘zda tutgan strategiya dorasida O‘zLiDeP xalqning ichiga yanada faolroq kirib borishi, uyma-uy yurib, 1 milliondan ortiq xonadonga kirib chiqishni, har bir saylovchiga partiya g‘oyalarini yetkazishni, ularning taklif-mulohazalarini olishni maqsad qilib qo‘yganligini alohida ta’kidlab o‘tildi.

Partiya o‘z saylovoldi dasturini ishlab chiqishdan oldin xalqimizni qiynayotgan muammolarni atroflicha o‘rganishga, odamlarni o‘ylantirgan masalalarning mohiyatiga yetishga harakat qilishi, buning uchun keng qamrovli jamoatchilik eshituvlarini tashkil etilishi hamda muammolarning yechimi ustida ekspertlar bilan birga ishlanishi qayd etildi.

Yig‘ilishda partiyaning saylovda ishtiroki bilan bog‘liq barcha masalalarni atroflicha muvofiqlashtirib boradigan saylovoldi shtabini tashkil etish hamda shtabga partiya faollari bilan bir qatorda zamonaviy saylov texnologiyalari va targ‘ibot yo‘nalishida yetuk bilimga ega mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Shuningdek, partiyaning I Kongressini chaqirish va shu munosabat bilan hududiy partiya tashkilotlarining konferensiyalarini o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Majlis nihoyasida ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Axborot xizmati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?