Shanba 21-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yer uchastkalaridan foydalanish tartibiga qanday o‘zgartirishlar kiritilmoqda?

13.12.2024
106

2024-yil 12-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda yer uchastkalaridan foydalanish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Mazkur qonun loyihasi davlatimiz rahbarining 2020-yil 3-dekabrdagi Farmoni ijrosini ta’minlash va yer uchastkalaridan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. U bilan ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, Yer kodeksi alohida bob bilan to‘ldirilib, unda yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish tizimini joriy etish, ularni belgilash va o‘zgartirish tartiblari aks etyapti. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga esa fuqarolar tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga turar joyga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaganlik uchun jarimalarni yengillashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha norma kiritilmoqda.

Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, O‘zLiDeP saylovoldi dasturida kichik sanoat zonalarida investitsiya majburiyatini bajargan tadbirkorlarga yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berishning qonuniy asoslarini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangani qayd etilib, qonun loyihasida nazarda tutilayotgan yangiliklar ushbu maqsadlarga uyg‘un va hamohang ekani ta’kidlandi.

Muhokamalarda qonun loyihasini yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Xususan, deputat Saydullo Azimov qonun loyihasining 682-moddasi bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollarni ko‘targan bo‘lsa, deputat Shahnoza Xolmaxamatova bugungi kunda yer uchastkalaridan foydalanish bo‘yicha yuzaga kelayotgan ayrim muammolarning yechimi yuzasidan mazkur qonun loyihasida qanday yangi normalar kiritilayotgani bilan qiziqdi.

Qonun tashabbuskorlari ko‘tarilgan masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirish berib o‘tdilar.

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan ko‘tarilgan barcha takliflar mas’ul qo‘mita va ishchi guruh a’zolari tomonidan chuqur tahlil qilinishi va qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida e’tiborga olinishi ta’kidlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?