Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 31-yanvar 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Keng qamrovli strategik sheriklik yanada rivojlanadi

31.01.2026
51

Davlatimiz rahbarining Turkiya Respublikasi Prezidentining taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi nafaqat strategik sheriklikni mustahkamlashga, balki mintaqaviy barqarorlik, ijtimoiy adolat, insonparvarlik va taraqqiyot g‘oyalarini birdamlikda ilgari surishga ham xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Turkiya yaqin yillarda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirish maqsadini qo‘yayotgani ularning o‘zaro manfaatdorlik va hamkorlikning real natijalariga intilayotganidan dalolat beradi.

O‘zaro savdoda eng qulay rejim va Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim amal qilmoqda. Bu esa biznes uchun qulay sharoitlar yaratmoqda. Turkiya barqaror ravishda O‘zbekistonning yetakchi savdo-iqtisodiy sheriklari qatoriga kirib, tovar ayirboshlash va import hajmi bo‘yicha to‘rtinchi, eksport hajmi bo‘yicha esa beshinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Investitsiyaviy hamkorlik ham ikki tomonlama munosabatlarning asosiy elementi hisoblanadi. Joriy yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokidagi 2,2 mingta korxona faoliyat yuritmoqda, bu xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar umumiy sonining qariyb 12 foizini tashkil etadi.

Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qiymati 9 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirilgan. Turkiya kapitali asosan O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga, jumladan, energetika, qayta ishlash sanoati, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalariga yo‘naltirilgan.

Bu va boshqa tendensiyalar Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan tadbir davomida yaqqol namoyon bo‘ldi. Ushbu tadbir yakunlarining tahlili faol siyosiy muloqot, muntazam davlatlararo maslahatlashuvlar, shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish tarafdori bo‘lgan davlat rahbarlarining muhim rolini ko‘rsatadi.

Ushbu sa’y-harakatlarning barchasi ikki tomonlama munosabatlarni o‘zaro ishonchni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda mintaqaviy va global vazifalarni birgalikda hal etishga yo‘naltirilgan sheriklikning yangi bosqichiga olib chiqishga xizmat qildi.

Yuqori darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi davomida Kengash yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazish, Hukumatlararo komissiya va Strategik rejalashtirish guruhi mexanizmlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Fikrimizcha, erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha kompleks “yo‘l xaritasi”ning ishlab chiqilishi va qabul qilinishi hamkorlikning amaliy ahamiyatini tasdiqlaydi.

Shu o‘rinda zamonaviy bosqichda O‘zbekiston — Turkiya munosabatlari barqaror, tizimli va ko‘p jihatdan pragmatik xususiyat kasb etganini alohida ta’kidlash joiz. Tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi, keng ko‘lamli investitsiyaviy tarkibiy qism va sanoat kooperatsiyasining kengayishi bilan mustahkamlangan iqtisodiy hamkorlik davlatlararo munosabatlarning butun majmuasi uchun asosiy drayverga aylanmoqda.

Iqtisodiy, siyosiy va gumanitar jihatlarning uyg‘unligi ikki tomonlama aloqalar barqarorligining muhim omili bo‘lib qolmoqda. Mazkur kontekstda tomonlarning aniq maqsadlarga erishishga intilishi O‘zbekiston —Turkiya munosabatlarini ikki mamlakat va xalqlarning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradigan muvozanatli va izchil davlatlararo hamkorlik namunasi sifatida baholashga imkon beradi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?