Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 04-Sentyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim qadam

03.09.2025
26

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Prezidentimizning mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqining mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi.

Deputatlar “Uchinchi Renessans” g‘oyasi asosida milliy taraqqiyot modelining yangi bosqichga ko‘tarilgani, ayniqsa, iqtisodiyotdagi barqaror o‘sish va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida qator yutuqlarga erishilganiga e’tibor qaratdi.

So‘nggi sakkiz yilda YAIM 2 barobarga oshib, 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb etilgani, 10 milliondan ziyod fuqaro tadbirkorlik sohasida band bo‘lgani, kambag‘allik darajasi 6,8 foizga tushgani alohida qayd etildi.

O‘zLiDeP fraksiyasi ushbu islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan xususiy mulk, tadbirkorlikni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda inson manfaatlariga xizmat qilish borasidagi barcha tashabbuslar ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishi ta’kidlandi. Ushbu tarixiy nutqdagi muhim yo‘nalishlardan kelib chiqib, fraksiya oldida turgan vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida mamlakatimiz rahbari tomonidan mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Fraksiya rahbari Aktam Xaitov Prezidentimiz nutqining ahamiyatiga to‘xtalar ekan, unda xalqaro vaziyatning chuqur tahlili va amaliy yechimlar uzviy mujassamlashgani, mamlakatimiz yetakchisi zamonamizning asosiy muammolari — o‘zaro ishonch inqirozi, ko‘p tomonlama institutlarning zaiflashuvi, jahon iqtisodiyotining parchalanishini to‘g‘ri belgilab bergani va ularni bartaraf etishning aniq yo‘llarini taklif qilganini ta’kidladi.

Sammitda qabul qilingan Tyanszin deklaratsiyasi, SHHTning 2035-yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasi va yakuniy hujjatlar ko‘p qirrali hamkorlik va zamonaviy davr muammolariga samarali javob berish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qilishi e’tirof etildi.

Shundan so‘ng, davlatimiz rahbarining “Tashabbusli budjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati muhokama qilindi.

Munozaralar davomida fraksiya a’zolari Baxtiyor Artiqov, Abdumannop Bo‘riyev va Muqaddasxon Axmedovalar mazkur qaror xalq vakillari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi, hujjat avvalo, xalq manfaatlarini ta’minlash, aholi hayotini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?