Криптоактивлар бозорини тартибга солиш ва хавфсизлик масалалари бўйича муҳокама ўтказилди
O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi, Tadbirkorlar va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda Sankt-Peterburg davlat universiteti Toshkent filiali hamkorligida raqamli valyutalar, kriptoaktivlar va virtual aktivlarni tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda partiya vakillari, deputatlar, ekspertlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda xususiy sektor mutaxassislari ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida raqamli valyutalarning mohiyati, kriptoaktivlar aylanmasi va markaziy bank raqamli valyutalarining jahon amaliyotidagi o‘rni haqida atroflicha fikr almashildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda virtual aktivlar bozorini tartibga solishning o‘ziga xos jihatlari — lisenziyalash, kiberxavfsizlikka qo‘yiladigan talablar, virtual aktivlardan investision maqsadda foydalanish tamoyillari kabi masalalar muhokama qilindi. Rossiya tajribasi, xususan raqamli moliyaviy aktivlar to‘g‘risidagi qonun va raqamli rubl pilot loyihasi bo‘yicha amaliy ma’lumotlar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Tadbir yakunida raqamli aktivlar sohasidagi huquqiy bazani takomillashtirish, davlat-xususiy hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda yoshlar o‘rtasida raqamli moliya bo‘yicha ma’rifiy ishlarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Ushbu muloqot ikki davlat mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish, raqamli iqtisodiyotni samarali rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.