Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 01-Sentyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Ko‘tarinki ruh, bunyodkor g‘oyalarni amalga oshirish uchun samarali maydon

21.08.2025
133

Bugun mamlakatimizda biznes muhiti tubdan o‘zgardi, chinnakam tadbirkor qiyofasi shakllandi. Ularning faoliyatiga g‘ov bo‘lib kelgan barcha to‘siqlar bosqichma-bosqich bartaraf etildi. Ishbilarmonlarga xorijiy davlatlar bilan yaqin diplomatik aloqalarni mustahkamlash, eksport-import jarayonlarini soddalashtirish, ularning faoliyatiga asossiz aralashuv imkoniyatlarini yo‘qotish — bularning bari biznes muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish, sohani faol kengaytirish uchun katta rag‘bat berdi. Endi tadbirkorlikka qo‘rquv bilan emas, balki katta ishonch, ulkan maqsad va loyihalar bilan kirib borilyapti. Davlatimiz rahbari ularni bugungi kun qahramonlari sifatida e’zozlaydi.

Shu bois Prezidentimizning tadbirkorlar bilan bevosita ochiq muloqoti an’anaviy tarzda yo‘lga qo‘yilgani nafaqat ishbilarmonlarimizni qo‘llab-quvvatlash, balki ularga ko‘tarinki ruh, bunyodkor g‘oyalarini amalga oshirishi uchun turtki bermoqda. Eng asosiysi, tadbirkorlarning muammolari, murojaat va takliflarini tinglaydigan, ularga yechim topadigan samarali tizim yaratildi.

Do‘stona va ishonch ruhini beruvchi navbatdagi ochiq muloqotda ham shu kabi yutuqlar e’tirof etilishi barobarida tizimda kechiktirmay hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga ham ijobiy yechim aytildiki, bu soha vakillarini nihoyatda to‘lqinlantirib yubordi.

Hozir O‘zbekistonda ham ilg‘or, uddaburon, ishning ko‘zini biladigan tadbirkorlar safi tobora kengayib borayotir. Har bir sohaga innovatsion yondashuvlar kirib kelyapti. Yangi-yangi ishlab chiqarish turlari ko‘paymoqda. Jumladan, ishini kichik loyihadan boshlab, biznesda tajriba va malaka to‘plagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ko‘mak berib, ularni 50-100 nafar odam ishlaydigan baquvvat korxonalar sohibiga aylantirish maqsadida YATT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030 yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etildi.

Endi bunday tadbirkorlar uchun ro‘yxatdan o‘tishdan tortib hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni jamlagan raqamli platformalar yaratiladi. Bunda tadbirkorlar kerakli hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolashi mumkin. Ishchilarga elektron hamyon orqali “kunbay”, “soatbay” maosh to‘lash imkoniyati berilyapti.

Har bir tarmoqning sifati kafolatlangan, raqobatdosh 10 tadan mahsulotiga “O‘zbekiston ramzi” sifat belgisini berib, ularni dunyoga tanitish uchun katta targ‘ibot kampaniyasi boshlanadi.

Demak, katta korporatsiyalar yanada ko‘payadi, chet el bozorlariga chiqish imkoniyatlari ortadi, mamlakatimizning eksport salohiyati sezilarli darajada yuksaladi. Albatta, bu O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish tizimli tus olganidan dalolatdir.

Davlat rahbari ochiq muloqotda ilgari surgan yangi tashabbuslar kechaning o‘zidan boshlab kuchga kirdi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon e’lon qilindi. Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ilgari surilgan har bir yangilik soha rivojida navbatdagi muhim qadamlardan bo‘lishiga ishonamiz. Tadbirkorlarimiz esa Yangi O‘zbekiston iqtisodiy asosini yaratishning eng faol ishtirokchisiga aylanishi, shubhasiz.

Ravshan FOZILOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va
sanoat masalalari qo‘mitasi a’zosi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?