“Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda
Qoraqalpog‘istonda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi doirasidagi tanlovga rasman start berildi. O'zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ayollar qanoti hamda Nukus shahar Kengashi hamkorligida “Nao‘qan bag‘” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan tadbirda mahallada faoliyat yuritayotgan ishbilarmon xotin-qizlar o‘z biznes loyihalari va tashabbuslari bilan ishtirok etdi.
Tanlovda ishtirokchilar o‘z faoliyati, erishgan natijalari, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari hamda kelgusi rejalari haqida taqdimotlar o‘tkazdi. Hakamlar hay’ati tomonidan ularning tashabbuskorligi, innovasion yondashuvi va mahalliy bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarayotgani alohida e’tirof etildi. Tadbir mahallada tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi e’tirof etildi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan Mehriban Utemuratova g‘olib deb topildi. Shuningdek, qo‘l mehnati, milliy liboslar tikish va pillachilik sohasida samarali mehnat qilayotgan ishtirokchilarning faoliyati ham yuqori baholandi. Bunday loyihalar xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahallalar taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.