Mamlakatimiz yangi taraqqiyotining strategik dasturi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mamlakatni yaqin va o‘rta istiqbolda jadal rivojlantirishga doir tom ma’nodagi tarixiy voqea bo‘lib, strategik yo‘nalishlar bo‘yicha konseptual yondashuvlar bayon qilingan milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarishga qodir dasturiy hujjat hisoblanadi.
U hayotiy dastur sifatida xalqimizga har tomonlama manfaatli bo‘lib, mamlakatimiz kelajagiga bevosita daxldordir. Bundagi g‘oya, tashabbus va rejalar har birimizning faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining navbatdagi Murojaatnomasida davlat va jamiyat hayotida amalga oshirilgan tub islohotlar, erishilgan natijalar, yurtimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi, ko‘lami keng tashabbuslar ilgari surildi.
Murojaatnomada aytilganidek, dunyoda sodir bo‘layotgan va yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan o‘zgarishlar, davlatlar o‘rtasida iqtisodiy qarama-qarshilik, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan bugungi kunda milliy birlik nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Shu bois, mamlakatimiz rahbari Vatan va xalqimiz manfaati yo‘lida barchani birlashishga da’vat etdi. Zero, bugungi tahlikali vaziyatda ko‘plab muammolarni birgalikda hal etishimiz zaruriyati ham ortib bormoqda.
Xalqimizni birlashtirishda hamda ko‘plab muammolarni joyida bartaraf etishda muhim institut bo‘lgan mahallaning o‘rniga yuksak baho berildi. Bu bejiz emas. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi. Jamiyatimizning har bir a’zosi ham mahallada istiqomat qiladi va o‘z ehtiyojlarini qondiradi. Mahallalar fuqarolar va oilalar bilan bevosita ishlashda, joylardagi muammolarni sifatli hal etishda katta kuchga ega.
Davlatimiz rahbari noyob institut bo‘lgan mahallaning o‘rnini teran ochib berdi va kelgusi yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilishni taklif etdi. Bu xalqimiz tomonidan iliq kutib olindi va qo‘llab-quvvatlandi. Zotan, bugungi kunda mahalla instituti davlat hokimiyati organlari bilan xalq o‘rtasida ishonchli ko‘prikka, aholi muammolarni samarali hal etishga qodir institutga aylandi.
So‘nggi to‘qqiz yildagi islohotlar samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda. Biroq, zamon ushbu shiddatli islohotlarni izchil davom ettirishni, yangicha chaqiriqlarga munosib javob berishni taqozo qilyapti. Shuning uchun 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi.
Murojaatnomada 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat dastur haqida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Bu yo‘nalishlar davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan bo‘lib, mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish hamda yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologiya va “yashil” energetika, suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni ichiga olishi bilan ahamiyatlidir.
Murojaatnomada hozirgi murakkab sharoitda ochiq va pragmatik, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosat, milliy xavfsizlikni ta’minlash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yuqoridagi har bir g‘oya va tashabbuslar esa xalqimiz kelajagi va yorqin istiqbolini qurish yo‘lida muhim ahamiyatga ega. O‘z navbatida, ushbu tashabbuslarni keng targ‘ib etish va hayotimizga keng joriy etish har birimizning sharafli burchimizdir.
Xushvaqt XAYITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati