Mamlakatimizning strategik sheriklik va modernizatsiya yo‘lidagi salmoqli qadami
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning okeanortiga tashrifi doirasida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etishi asosiy kun tartibidan o‘rin oldi. Prezidentimiz umumiy munozaralar minbaridan O‘zbekistonning global va mintaqaviy masalalar bo‘yicha pozisiyasini bayon etdi. Bu nutq orqali mamlakatning tinchlik, barqaror rivojlanish, suv va iqlim xavfsizligi, logistika koridorlari va inson huquqlariga oid tashabbuslari yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Tashrifning eng katta yangiligi — “Uzbekistan Airways”ning “Boeing” bilan yirik shartnoma tuzishi bo‘ldi. 14 ta “787 Dreamliner” samolyotini sotib olish, yana 8 tasiga esa opsion kelishuv imzolandi. Qiymati taxminan 8 mlrd. dollardan ortiq bo‘lgan bu bitim aviakompaniya tarixida eng katta xarid hisoblanadi. AQShdagi minglab ish o‘rinlari qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, O‘zbekiston uchun ham yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Bu laynerlar parvoz geografiyasini kengaytiradi, turizm va transport sohasida raqobatbardoshlikni kuchaytiradi, xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Moliya va iqtisodiyot sohasi ham tashrifning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Prezident Jahon banki va Xalqaro valyuta jamQarmasi rahbarlari bilan uchrashib, islohotlarning kelgusi bosqichi va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalari haqida fikr almashdi. Shu bilan birga, “Bank of New York Mellon” va “Franklin Templeton” kabi moliyaviy gigantlar bilan muloqotlarda kapital bozorini rivojlantirish, institusional sarmoya jalb etish, korporativ boshqaruvni mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Bu uchrashuvlar O‘zbekiston moliya infratuzilmasini chuqur modernizatsiyalash va xalqaro bozorlardagi mavqyeini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tashrif davomida AQShning yetakchi korporatsiyalari va sarmoyaviy jamg‘armalari bilan raund-stol ham o‘tkazildi. Unda raqamli iqtisodiyot, infratuzilma, ta’minot zanjirlari va kritik minerallar sohasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, kritik minerallar yo‘nalishiga oid kelishuvlar O‘zbekiston uchun katta ahamiyatga ega. Chunki bu sohada qo‘shilgan qiymatni mamlakat ichida shakllantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkoni paydo bo‘ladi.
Siyosiy jihatdan ham tashrif samarali o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan oldindan telefon orqali muloqot qilgani va ikki tomonlama strategik sheriklikni kengaytirish masalalari muhokama etilgani tashrifning muhim diplomatik fonida namoyon bo‘ldi. Nyu-Yorkda esa xalqaro tashkilotlar va davlatlar rahbarlari bilan muloqotlar O‘zbekistonning global maydondagi nufuzini yanada mustahkamladi.
Shu jihatdan, Nyu-Yorkka tashrif nafaqat diplomatik aloqalar, balki aniq iqtisodiy va sanoat yo‘nalishlarida ham keng qamrovli natijalarga ega bo‘ldi. Bu tashrifning amaliy samaralari yaqin yillarda aviatransport, kapital bozorlari, sanoat va turizm sohalarida o‘z so‘zini aytishi shubhasiz. Shu bois bu safarni O‘zbekistonning strategik sheriklik va modernizatsiya yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholash mumkin.
Pokiza AHMEDJANOVA,
O'zLiDeP Siyosiy Kengashi a’zosi, Oliy Majlis Senati a’zosi,
xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi raisi.