Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 13-yanvar 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Markaziy Osiyo o‘z yo‘lini o‘zi belgilaydi

12.01.2026
165

Kuni-kecha rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyov tomonidan aytilgan bayonot o‘z mohiyatiga ko‘ra na tahlil, na siyosat, balki zamonaviy dunyo hayotidan uzilgan imperiyaviy o‘tmish ritorikasidir.  

Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston – hech kimning «ta’sir zonasi», «kimningdir Osiyosi» yoki geosiyosiy fantaziyalaridagi savdolashuv ob’yekti emas. Biz – xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan, o‘z xalqlari, manfaatlari va xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan suveren davlatlarmiz.

Tele-efirlarda ochiqchasiga oqlanayotgan xalqaro huquqni mensimaslik – bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlatlararo ishonchning yemirilishiga, beqarorlik va urushlarga olib boradigan yo‘ldir. Shu bois Markaziy Osiyo davlatlari kuch ishlatish mantig‘ini emas, balki chegaralarning daxlsizligi, ichki ishlarga aralashmaslik va tinch hamkorlikni izchil qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘z chegaralaridan tashqarida «milliy xavfsizlik» bahonasi bilan tajovuzni asoslash – bu o‘ta xavfli tarzda o‘z-o‘zini aldashdir. Hech bir davlat qo‘shnilariga tahdid solib xavfsizroq bo‘lib qolmaydi. Tarix ko‘p bor isbotlagan: urushni eksport qilish oxir-oqibat beqarorlik, sanksiyalar, xalqaro yakkalanish va kelajakdan mahrum bo‘lish bilan qaytib keladi.

Biz barcha hamkorlarimiz, jumladan Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlarni qo‘rquv emas, tenglik va o‘zaro hurmat asosida qurmoqdamiz. Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston o‘zi bilan ultimatum tilida gaplashishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydi. 

Markaziy Osiyo – bu muloqot, taraqqiyot va mas’uliyat mintaqasi. U «ozod etish», homiylik yoki boshqalarning urushlariga muhtoj emas. 

Saydullo Azimov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?