Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 17-Noyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

“Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida”

14.11.2025
113

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Taraqqiyot bloki”ning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Prezidentimizning poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi arafasida e’lon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasi mazmun-mohiyati muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan yil Ostona sammitida qabul qilingan “Markaziy Osiyo — 2040” konsepsiyasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlab, mintaqada yangi iqtisodiy voqelikni vujudga keltirdi. Mintaqamizning yalpi ichki mahsuloti ikki yarim barobarga o‘sib, 520 milliard dollarga yetdi, tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ziyod ko‘paydi. O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan savdo aylanmasi ham 2016 yildagi 2,4 milliard dollardan 2024 yilda 7,2 milliard dollarga yetdi. Bu natijalar sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investisiya fondlari va chegaraoldi savdo zonalarini rivojlantirish orqali amalga oshmoqda.
Yig‘ilishda gumanitar sohada ham yaqinlik va hamjihatlik tobora mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Shuningdek, Yoshlar platformasi, rektorlar va olimlar forumlari, madaniy va sport tadbirlari qardosh xalqlarni yanada yaqinlashtirmoqda. Yangi yo‘llar, aviaqatnovlar va temir yo‘llar ochilishi natijasida odamlar o‘rtasidagi bordi-keldi ancha osonlashdi, ichki mintaqaviy turizm ulushi 80 foizdan oshdi.
Bugun Markaziy Osiyo dunyo siyosatida mustaqil, mas’uliyatli va yagona ovozga ega sub’yekt sifatida tan olinmoqda. “Markaziy Osiyo plyus” formatlari — Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya va AQSH bilan sammitlar o‘tkazilishi mintaqaning global siyosatdagi o‘rni va nufuzi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda. Endi tashqi hamkorlar mintaqani yagona sherik sifatida ko‘rib, munosabatlarni kompleks asosda rivojlantirmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Osiyoda hamjihatlik, ishonch va do‘stlikka asoslangan yangi siyosiy va iqtisodiy muhit shakllanmoqda. Yangi Markaziy Osiyo tinchlik, barqaror taraqqiyot va yaratuvchan hamkorlik modeliga aylanib, dunyo hamjamiyatida tobora muhim o‘rin egallab bormoqda.
Shu o‘rinda dunyo hamjamiyati, xususan, yaqin qo‘shnilar bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlash O‘zLiDePning ham ustuvor vazifasi ekanini qayd etish joiz. Yangi Markaziy Osiyoni tinch va barqaror mintaqaga aylanib borayotgani partiyamizning kelgusi yillarga mo‘ljallagan vazifalari mamlakatimiz taraqqiyoti uchun naqadar muhim ekanini yana bir karra isbotlaydi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?