Mehnat migrantlarining himoyasi va ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish O’zLiDeP diqqat markazida
Mamlakatimizning ko‘plab fuqarolari chet davlatlarda mehnat qilib, oilalarini moddiy ta’minlash yo‘li bilan milliy iqtisodiyotga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda. Ularni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish davlatning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan mehnat migrantlarining himoyasi va ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish tashabbusining ilgari surilishi partiya faoliyatining keng qamrovli ekanligini, jamiyatimiz uchun dolzarb masalalar uning diqqat markazidan chetda qolmasligini ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda mehnat migrantlariga qator imtiyozlar berilmoqda. Shu bilan birga, mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash amaliyotida ayrim kamchiliklar ham mavjud. Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari ko‘pincha ijtimoiy himoya bilan to‘liq qamrab olinmayapti.
Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga nisbatan ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish, ya’ni sug‘urta dasturlarini kengaytirish, ularga tibbiy yordam, pensiya va ishsizlik ko‘magi ko‘rsatish, sug‘urtaga kiradigan xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish maqsadga muvofiq.
Partiyamizning Saylovoldi dasturida xalqaro tajribalardan foydalanish orqali O’zbekistonda mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari uchun samarali ijtimoiy sug‘urta va himoya tizimini joriy qilish vazifasi belgilangan.
Bunda ijtimoiy sug‘urta xizmatlarini migrantlar uchun keng joriy etish, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, pensiya, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik va boshqa ijtimoiy sug‘urta turlarini samarali qo‘llashga e’tibor qaratilgan. Mehnat migrantlari oila a’zolari uchun imtiyozli kreditlar ajratish, ta’lim va sog‘liqni saqlash imkoniyatlarini kengaytirish ushbu vazifani hal qilishda muhim o‘rin tutadi.
Xorijiy tajribaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Hindiston, Meksika, Filippin singari mamlakatlarda mehnat migrantlariga nisbatan himoya va yordam tizimi, maxsus qonunchilik, sug‘urta dasturlari mavjudligini ko‘rishimiz mumkin.
Partiyamiz tomonidan bu yo‘nalishda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga ijtimoiy sug‘urta va himoya tizimini kengaytirish orqali ularning huquqlari himoyasini kuchaytirish, tegishli manzilli moliyaviy yordam hamda ta’lim dasturlari orqali ularning iqtisodiy holatini yaxshilashga keng imkon beradi.