Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 01-Sentyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Mehnat munosabatlarida yangi bosqich

20.08.2025
141

O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini takomillashtirish va zamonaviy mehnat bozorini shakllantirish yo‘lida yangi islohotlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 4 avgust kuni imzolangan “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-126-sonli Farmoni mehnat munosabatlarini liberallashtirish, ish beruvchilar va ishchilar manfaatlarini uyg‘unlashtirish, kasbga tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga qaratilgan.

Ushbu hujjat mohiyatiga ko‘ra, xodim va ish beruvchi o‘rtasida samarali va adolatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, kasbiy tayyorgarlik va malaka oshirish tizimini modernizatsiya qilish, ish beruvchilarni ortiqcha hisobot va ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish, ishsizlarni qayta tayyorlash va ijtimoiy muhofazani kuchaytirishni o‘zida ifoda etadi.

Farmonning qabul qilinishi mehnat munosabatlarida ishtirok etuvchi barcha tomonlar uchun manfaatli bo‘lib, endilikda ish beruvchilar bugungi kungacha amalda bo‘lgan bo‘sh ishlari to‘g‘risidagi hisobotni topshirishdan qutilib va buning uchun belgilangan javobgarlik bekor qilindi. Mehnat shartnomalari tuzish va bekor qilishning raqamlashtirilishi ish beruvchi bilan birga xodimlar uchun shaffof hamda qulay imkoniyatlarni yaratdi.

Birgina, ish beruvchilar tomonidan bo‘sh ishlari to‘g‘risidagi hisobotni 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab taqdim etish tartibining bekor qilinishi ruspublika bo‘yicha 100 minglab ish beruvchilarning har oylik ovvoragarchiliklariga barxam berdi.

Fuqarolar turli sabablarga ko‘ra ishsiz qolgan taqdirda munosib nafaqa va qayta tayyorlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, malaka oshirish orqali mehnat bozorida o‘z o‘rnini topadi.

Ish beruvchilar o‘z ehtiyojiga mos kadrlarni topishda davlat organlari bilan hamkorlikda ishlaydi, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Mazkur Farmon Konstitutsiyamizda belgilan ijtimoiy davlat tamoyilini amalga oshirish uchun yana bir muhim hujjat sifatida ham xizmat qildi. Mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobat qila olmaydigan aholi qatlami manfaatlarini himoya qilish va ularga ish o‘rinlarini zahiralash uchun aniq me’yorlarning o‘rin olishi hech bir imkoniyati cheklangan shaxs e’tibordan tashqarida emasligini isbotlaydi.

Shu bilan birga, mehnat munosabatlaridagi qonuniylikni ta’minlash, xodimlar manfaatlarini himoya qilish, majburiy va norasmiy mehnatga barxam berish maqsadida davlat mehnat inspektorlariga tekshirishlarni tashkil qilish va mehnat qonunchiligi buzilgan holda qoidabuzarlikni raqamli texnologiyalar yordamida rasmiylashtirilishi shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Kasb-hunarga o‘qitishda joriy qilinayotgan 3 bosqichli (videodarsliklar, kasbga o‘qitish va malaka oshirish) tizim fuqarolarning xarajatlari va vaqtini tejash bilan birga, kasb ko‘nikmalarini rivojlantirishda samarali usul sifatida baholanadi.

“Kasb vaucheri” ssudasining joriy qilinishi va bundan barcha shaxslarning foydalanish imkoniyatlari yaratilganligi aholini zamonaviy kasblarga o‘rganishini rag‘batlantiradi. Ushbu ssudani ishga joylashgandan so‘ng ikki yil davomida qaytarish xodim uchun moliyaviy qiyinchilikni yuzaga keltirmaydi. 

Xulosa qilib aytganda, Farmon mehnat bozorini zamon talablariga mos ravishda yangilashga xizmat qiladi. Bu islohotlar aholi uchun ish topish imkoniyatlarini kengaytiradi, ish beruvchilar uchun esa biznes yuritishda qulay shart-sharoitlar yaratadi. Eng asosiysi, bandlik tizimida tenglik va adolat ta’minlanib, mamlakat taraqqiyotida inson kapitali asosiy ustuvor omil sifatida namoyon bo‘ladi.

 Baxtiyor Ruxitdinov
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash,
biznesni qo‘llab-quvvatlash va partiya dasturlari monitoringi departamenti rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?