Namanganda “Ishbilarmon ayol – 2025” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Xotin-qizlarning tadbirkorlikdagi ishtiroki va yangi ish o‘rinlari yaratishdagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Ishbilarmon ayol – 2025” tanlovi joriy yili ham Namanganda yuqori saviyada tashkil etildi.
Tanlovning tuman bosqichlarida 200 dan ortiq ishbilarmon xotin-qizlar o‘z mahsulot va xizmatlari bilan qatnashib, saralangan 16 nafar ishtirokchi hududiy bosqichga yo‘llanma oldi.
Namanganda bo‘lib o‘tgan respublika-hududiy bosqichida ishtirokchilarning tadbirkorlik sohasidagi yutuqlari, investisiya jalb etish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratishdagi faoliyati baholandi.
Natijada 1-o‘rinni Namangan shahridan Hakimaxon Toshmatova, 2-o‘rinni Chust tumanidan Sanobarxon Tojiboyeva, 3-o‘rinni esa Norin tumanidan Saodatxon Jalolova qo‘lga kiritdi. Gʻoliblarga partiyaning tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Ishbilarmon ayol” tanlovi xotin-qizlarni rag‘batlantirish va yangi avlod ayol tadbirkorlari uchun ibrat bo‘lishi bilan ahamiyatlidir. Bu yilgi tanlov mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilyapti.